Amazonda hozirgi kunda 1 mln robot ishlamoqda, deya xabar berdi The Wall Street Journal nashri.

Qayd etilishicha, bu Amazon uchun rekord ko‘rsatkich va ularning soni kun sayin odam xodimlar soniga yaqinlashib bormoqda (1,56 mln).

Nashrning eslatishicha, Amazon 2012 yildan buyon jarayonlarni avtomatlashtirish ustida faol ishlamoqda, o‘shanda u Kiva Systems (hozirgi Amazon Robotics) robotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasini $775 mlnga sotib olgan.

Ular ilgari omborda shunchaki qutilarni saralashardi, hozir esa kollektiv ishlashmoqda: robotlar bir-birlari bilan muloqot qilishadi, vazifalarni rejalashtirishadi va bir-birlaridan ishni o‘rganishadi.

Amazon Robotics texnologik direktori Tay Bredi The Wall Street Journal’ga aytishicha, avtomatlashtirish odamlarning ommaviy ishdan bo‘shatilishiga olib kelmaydi, chunki robotlar ularning o‘rnini bosishi emas, balki ishini osonlashtirishi kerak.

Biroq nashr suhbatlashgan ba’zi ekspertlarning fikricha, kelajakda Amazon baribir yirik omborlardagi ishchilari sonini jiddiy ravishda qisqartirmoqchi.

Iyun oyida Amazon sun’iy intellektdan foydalanish orqali ish o‘rinlarini qisqartirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Bosh direktor Endi Jassi kompaniya sun’iy intellektdan keng foydalanish orqali bir necha yil ichida xodimlar sonini qisqartiradi, ammo bu qancha xodimga ta’sir qilishiga aniqlik kiritmagan.