O‘zbekiston ko‘p maqsadli tezkor tadqiqot reaktorini (KMTTR) yaratish bo‘yicha xalqaro konsorsiumga qo‘shiladi. Bu haqda Rosatom xalqaro tarmog‘i xususiy muassasasi bosh direktori Vadim Titov YeOII forumi doirasidagi davra suhbatida ma’lum qildi.
Davra suhbatida Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan kelgan ishtirokchilar YeOIIga a’zo davlatlarning yadroviy va radiatsiya texnologiyalari sohasidagi asosiy yutuqlari, ishlanmalari, shuningdek, YeOII a’zolarining yadroviy texnologiyalar sohasidagi sanoat kooperatsiyasi salohiyati, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash masalalarini muhokama qildilar.
YEOIIga a’zo davlatlarning ilmiy-texnik hamkorligini rivojlantirish imkoniyati sifatida Rossiyaning Rosatom tomonidan Ulyanovsk viloyatida barpo etilayotgan tez neytronlarga asoslangan to‘rtinchi avlod KMTTR loyihasi hamda yadroviy va radiatsiya texnologiyalari sohasida Yevroosiyo texnologik platformasini yaratishning maqsadga muvofiqligi asosiy mavzu bo‘ldi.
Rosatom xalqaro ilmiy-texnik loyihalari direktori Vasiliy Konstantinovning so‘zlariga ko‘ra, KMTTRni nafaqat energetikada, balki tibbiyotda ham, masalan, saraton kasalliklarini davolashda qo‘llash mumkin.
“Reaktor hali qurilayotganiga qaramay, biz uning negizida xalqaro ilmiy platformani shakllantirmoqdamiz. Ayni paytda unga 20 dan ortiq xorijiy davlat va tashkilotlar jalb etilgan. Xitoy, O‘zbekiston va Belarus bilan muzokaralar faol olib borilmoqda. Ularning shu yil oxirigacha konsorsiumga qo‘shilishini kutmoqdamiz”, — dedi Konstantinov.
O‘z navbatida, Rosatom xalqaro tarmog‘i bosh direktori Vadim Titov RITM-200 reaktori bazasidagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Tez orada Jizzax viloyatida birinchi kichik quvvatli yer usti atom stansiyasi qurilishi boshlanadi, dedi u.
Avvalroq O‘zbekiston 2027-yilda uranni boyitish va ishlab chiqarish uchun Rossiyaga yuborishi haqida xabar berilgandi.