Avvalroq Spot tariflar oshganidan keyin elektr energiyasini yetkazib berish qanday o‘zgargani va uning uzluksizligini ta’minlash uchun biznes nimalarga tayyorligi borasida tadbirkorlar bilan suhbatlashgandi.
Hududiy elektr tarmoqlari Spot maqolasi yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, keyingi kunlarda Toshkent shahrida elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda hamda OAVda murojaatlar ko‘payganini tasdiqladi.
Kompaniya poytaxt hamda viloyatlarda joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda davlat dasturlari, sohaga oid qaror va farmonlar ijrosini ta’minlash maqsadida taqsimlash tarmoqlarida yangilash hamda ta’mirlash ishlari olib borilayotganini qayd etdi
Bu jarayonda ishchi-xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun esa hududlar kesimida rejaviy o‘chirishlar amalga oshirilmoqda. Kompaniyaga ko‘ra, bunday rejaviy o‘chirishlar Toshkent va hududlarda HETning korxona va filial axborot xizmatlari tomonidan doimiy ravishda e’lon qilinib borilishi ta’minlangan.
“Aytish lozimki, tarmoqlarni yangilash va mavsumga tayyorgarlik ishlari kechiktirib bo‘lmaydigan yumushlar sirasiga kirib, ayni paytda yozning issiq kunlariga qaramasdan ham olib borilmoqda”, — deyiladi bayonotda.
HET kunning issiq vaqtida ma’lum hududlarda avariyaviy holatlarning yuzaga kelishi ham elektr energiyasida uzilishlarni vujudga keltirib chiqarishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Bu holatlar kompaniyaning tuman, shahar elektr ta’minoti bo‘limlarining tezkor chiqish brigadalari tomonidan qisqa muddatlarda bartarf etilmoqda.
Shuningdek, Hududiy elektr tarmoqlari iste’molchilardan yetkazilayotgan noqulaylik uchun uzr so‘rab, rejaviy o‘chishlar haqida aholi xabardorligini yanada oshirish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Burchmullada qiymati $28 mlnlik shamol elektr stansiyasi qurish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Quvvati 20 megavatt bo‘lgan stansiya yiliga 129,6 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.