Toshkent viloyatida yangi shamol elektr stansiyasi qurlishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Quriladigan yirik shamol elektr stansiyasi Bo‘stonliq tumani hududidagi Burchmulla qishlog‘ida joylashadi. Viloyat hokimi Zoir Mirzayev 1-iyul kuni mazkur inshootni qurish uchun Energetika vazirligiga 10 gektar yer maydoni ajratish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Dastlabki qiymati $28 mln bo‘lgan loyiha grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Elektr stansiyasining quvvati 20 megavatt bo‘ladi.

Shamol elektr stansiyasi yiliga 129,6 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa yiliga 811,1 ming m³ tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejash imkonini beradi.

Qayd etilishicha, bu nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali yechim hisoblanadi.

Bungacha Toshkent viloyati hokimligi tomonidan daryo va kanallar bo‘yida 248 ta uchastkada mikro va kichik GESlar qurilishi tasdiqlangan. Shundan may oyida energetika obyektlari uchun 83 ta joy ajratilgan bo‘lsa, iyun oyida yana 66 tasi tasdiqlandi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari 1,1 mlrd kVt/soat energiya ishlab chiqargan. “Yashil” manbalar hisobidan generatsiya hajmi umumiy ishlab chiqarishning 17%iga yetdi.


Avvalroq Spot ACWA Power Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish uchun $280 mln jalb qilgani haqida yozgandi.