Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faol aholining uchdan bir qismi kreditga ega.
1-iyun holatiga ko‘ra, 5,18 mlndan ortiq kishi mamlakat banklarida kredit rasmiylashtirgan. Shundan qarz oluvchilarning 27%ida (1,4 mln jismoniy shaxs) ikki va undan ortiq kredit mavjud.
2020-yildan boshlab uch va undan ortiq kreditga ega bo‘lgan qarz oluvchilarning ulushi ikki baravarga oshdi — umumiy miqdorning 5%idan 11%igacha.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ishlayotgan har uchinchi o‘zbekistonlik — jami 5 mln kishida kamida bitta bank krediti bor.
Bundan tashqari, 2-iyuldan boshlab Markaziy bank sinov tariqasida kredit turlari bo‘yicha banklarning o‘rtacha foiz stavkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni boshladi.
Masalan, 1-iyul holatiga avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 24,1% ni, mikroqarzlar bo‘yicha esa 34,9% ni tashkil etdi. Ma’lumotlar Markaziy bankning Kredit axboroti davlat reyestri bazasi asosida shakllantiriladi.
“Fuqarolar turli banklar taklifini oson taqqoslab, o‘zlari uchun eng ma’qulini belgilay oladi. Bozordagi ma’lumotlarning noaniqligi kamayadi, shaffoflik oshadi, tanlov imkoniyatlari kengayadi”, — deya tushuntirdi regulyator.
Eng arzon avtokreditlarni Ipoteka-bank (21,1%), Orient Finans Bank (21,3%) va O‘zmilliybank (23,5%) taklif qilmoqda, eng yuqori stavkalar Hamkorbank (29%), Madad Invest Bank va InfinBank (har biri 28% dan) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mikroqarzlar bo‘yicha eng past foizlar Aloqabank (21,4%), InfinBank (25,6%) hamda O‘zmilliybankda (25,9%) qayd etildi. Eng qimmat mikroqarzlarni Apexbank (40%), TBC bank (39,1%) va Tenge bank (39%) taqdim etadi.
Avvalroq Markaziy bank 2024-yilda 52 ta moliya tashkilotidan 16,6 mlrd so‘m jarima undirgani haqida xabar berilgandi. Shundan 28 tasi tijorat banki hamda 24 tasi mikromoliya tashkiloti hisoblanadi.