Rossiya hukumati chet el fuqarolarini vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun davlat boji joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda TACC nashriga hukumatdagi manba xabar berdi.
Chet el fuqarosini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji miqdorini ham oshirish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu choralar, bir tomondan, chet ellik fuqarolarning Rossiyada bo‘lishi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Chunki hozirda ko‘pchilik mamlakatda noqonuniy ravishda yashab kelayotgani qayd etiladi. Boshqa tomondan esa, bu davlat idoralariga patent rasmiylashtirish va berish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni qoplash imkoniyatini yaratadi.
Yana bir omil — turli insonlar uchun sharoitlarni tenglashtirish. Hozirgi kunda yollanib ishlayotgan chet elliklar uchun patent amalda davlat bojisiz berilmoqda: daromad solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlari ish beruvchi tomonidan xodim bilan keyingi hisob-kitoblarda inobatga olinadi.
Biroq, bu hujjat Rossiyada qonuniy ravishda bo‘lish va mehnat qilish huquqini beruvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Uning rasmiylashtirilishi rossiyaliklarga beriladigan hujjatlar bilan taqqoslanadi — bunday xizmatlar odatda boj to‘loviga tortiladi.
Bojlar
Moliya vazirligi migrantlar uchun bir qator yangi bojlar va yig‘imlarni joriy etishni hamda mavjudlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi. Izvestiya nashrining yozishicha, hujjat tegishli idoralar tomonidan allaqachon ma’qullangan.
Xususan, chet elliklar turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilish uchun 500 rubl to‘lashlari kerak bo‘ladi. Vaqtinchalik yashash muddatini uzaytirish 1000 rubl, ish ruxsatnomasini olish esa 4200 rubl turadi.
Bundan tashqari, vizasiz rejim mavjud mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlariga ishlash uchun patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish uchun 4200 rubl miqdorida yig‘im joriy etish taklif etilmoqda. Hujjat nusxasi yoki unga o‘zgartirish kiritish uchun esa 2100 rubl to‘lash lozim bo‘ladi.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi chet ellik fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini ikki baravardan ortiqroq — 1000 rublgacha ko‘tarishni taklif etmoqda. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yangi tartib Rossiya davlat budjetiga qo‘shimcha 17 mlrd rubl daromad keltirishi kutilmoqda.