IT Park Uzbekistan va Qatar akseleratori TASMU startaplar uchun yangi akseleratsiya dasturiga qabul boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda StartupBase platformasi xabar bermoqda.
Akselerator Qatar Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi qoshida Smart Qatar tashabbusi doirasida ishlaydi. Uning asosiy vazifasi butun dunyo bo‘ylab Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida kengayib borayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashdir. Dastur to‘liq masofaviy shaklda o‘tkaziladi va ulush talab qilinmaydi.
Aksleratsiya dasturining asosiy yo‘nalishlari:
- aqlli shaharlar;
- sog‘liqni saqlash;
- atrof-muhit;
- transport va logistika.
Eng yaxshi loyihalar kompaniyadagi ulushni sotmasdan 200 ming Qatar rialigacha ($55 ming) mablag‘ oladi.
Shuningdek, startaplar bepul ofis maydoniga kirish va jamoani joylashtirishda yordam olishadi. Bundan tashqari, ularga 1 mln riallik dasturiy ta’minot, bulutli infratuzilma va texnologik xizmatlar taqdim etiladi.
Soft landing dasturi ishtirokchilari uchun kompaniyani bepul ro‘yxatdan o‘tkazish, “oltin viza” olish huquqi va Scale Now dasturiga kirish imkoniyati mavjud. Startaplar Qatar oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini amaliyotchi (intern) sifatida jalb qilishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, Qatar startaplarga mahalliy bozorga kirish va pilot loyihalarni ishga tushirishda yordam beradi. Akselerator ishtirokchilari investorlarni topish uchun 45 ta venchur fondlari va korporativ hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.
TASMU akseleratsiya dasturida ishtirok etish uchun 25-iyulgacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Avvalroq Spot talabalar va maktab o‘quvchilarining startap g‘oyalari uchun grantlar berilishi haqida yozgandi.
O‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilari hamda texnikum va oliygohlarni tugatayotgan talabalarni bandligini ta’minlash uchun ikkita bankka $300 mln ajratildi.