Avvalroq oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari uchun ruxsatnoma berish boshlangani haqida xabar berilgandi.
Bilimni baholash agentligi test jarayonlari qanday bo‘lib o‘tishi haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, kirish test sinovlari 14-iyuldan 23-iyulgacha (10 kun) kuniga 2 smenada tashkil etiladi. 1-smena soat 08:00 da, 2-smena 15:00 da boshlanadi.
Abituriyentlar test sinovlari boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin belgilangan hududga kechikmasdan yetib kelishlari kerak. Ular o‘zlari bilan pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasini olib kelishlari talab etiladi.
Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
“Abituriyent ruxsatnomasi” my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Nomzodlar o‘zlariga tegishli ruxsatnomani yuklab olishlari hamda chop etishlari zarur. Bunda abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, ko‘rsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etish mumkin emas.
2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.
Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.
Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda xususiy oliygohlar uchun talablar kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi. Ular ustav fondini kamida $2 mln miqdorida yaratishlari, $350 minglik depozit ochishlari va 5 yillik strategik rivojlanish rejasi bilan konsepsiyani taqdim etishlari kerak.