2025-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi qarzi $4 mlrddan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bag‘ishlangan sharhida keltirilgan.
Markaziy bank global savdo siyosatining keskinlashuvi va fragmentatsiya jarayonlarining kuchayishi bilan bog‘liq iqtisodiy xatarlar va noaniqliklarning ortishi fonida O‘zbekistonning an’anaviy eksport mahsulotlari jahon narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishini ta’kidladi. Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi va turizm sohalarida ijobiy tendensiyalar kuzatildi.
Hisobot choragi yakunlariga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi $160,7 mln (2024-yilning birinchi choragida — $2,1 mlrd) miqdorida manfiy saldo bilan shakllandi. Savdo balansi taqchilligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34% ga qisqarib, 2,6 mlrdni tashkil etdi. Bu import hajmi deyarli o‘zgarmagan holda eksportning sezilarli o‘sishi bilan izohlandi.
Xususan, jami eksport hajmi 22% ga oshib, qariyb 8 mlrdga yetdi, jami import hajmi esa $10,5 mlrdni tashkil etdi. Shuningdek, mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda $148,9 mln va $2,2 mlrd) bilan shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirildi.
Birinchi chorakda mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi qariyb ikki baravar o‘sib, $752,3 mlnni tashkil etdi.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar hisobiga $1,5 mlrdga yetdi. Natijada moliyaviy hisob manfiy saldosi $791,1 mlnni tashkil etdi.
Shuningdek, xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi $1,8 mlrdga ko‘paydi. Jahon bozorida oltin narxining yuqori sur’atda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i yil boshiga nisbatan qariyb $6,7 mlrdga oshib, 2025-yilning 1-aprel holatiga $47,9 mlrdni tashkil etdi.
Markaziy bank to‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaveiy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei joriy yil boshiga nisbatan 24% ga mustahkamlanib, aprel oyiga kelib $17,2 mlrdga yetganini qayd etdi. Shu bilan birga, rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan $7,9 mlrdga (8%), tashqi majburiyatlari hajmi esa $4,6 mlrdga (5%) oshdi.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi $68,4 mlrdni (chorak davomida $4,3 mlrdga o‘sish) tashkil etdi, shundan davlat tashqi qarzi $35,8 mlrdni (+$1,9 mlrd), korporativ tashqi qarz $32,6 mlrdni (+$2,4 mlrd) tashkil etdi.
Davlat qarzi
Yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $42,43 mlrdni tashkil etdi. Birinchi chorakda suveren majburiyatlar hajmi $2,22 mlrdga (+5,52%), yillik nisbatda esa $7,08 mlrdga (+20%) oshdi. Biroq, davlat qarzining YIMga nisbati 35% dan 33,5% gacha kamaydi.
Iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston davlat qarzining o‘sishi bilan bog‘liq xavotirlar haqida gapirgandi. Uning hozirgi hajmini u xalqaro me’yorlarga ko‘ra “mo‘tadil daraja” deya baholadi.
“Yalpi ichki mahsulot o‘sishi, [aholi] daromadlari ko‘payishi, shahar, qishloq va mahallalarimiz obod bo‘lishi bilan bog‘liq xarajatlar qisman tashqi qarzlar hisobidan qoplanmoqda. Buning hech qanday uyatli joyi yo‘q”, — dedi Qo‘chqorov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tashqi qarz hisobiga infratuzilma loyihalarini moliyalashtirib, iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda. Bundan tashqari, qarzning bir qismi byudjet taqchilligini qoplashga yo‘naltirilgan.
Avvalroq Fitch O‘zbekiston kredit reytingini “BB” darajasiga ko‘targani haqida xabar berilgandi.