TikTok AQShda ijtimoiy tarmoqni sotish bo‘yicha kelishuv doirasida Amerika bozori uchun alohida ilovani ishga tushiradi, deb yozadi The Verge va Reuters The Information'ga tayanib.
Qayd etilishicha, Amerikaning TikTok biznesiga Oracle boshchiligidagi “xitoylik bo‘lmagan” investorlar guruhi egalik qiladi. Shu bilan birga, ByteDance minoritar ulushini saqlab qoladi.
Nashrning xabar berishicha, bitim “tuzilishga yaqin” bo‘lib, u AQShda alohida TikTok ilovasini ishga tushirishni ham ko‘zda tutadi. Mazkur ilova allaqachon ishlab chiqilmoqda.
The Information manbalariga ko‘ra, M2 kod nomi berilgan ilova 2025-yil 5-sentabrda Amerika do‘konlarida mavjud bo‘ladi deb ta’kidlanmoqda.
Yangi ilova chiqishi bilanoq, TikTok’ning “asl” versiyasi AQSh do‘konlaridan olib tashlanadi va 2026-yilning mart oyiga kelib, mamlakat hududida butunlay ishlamay qoladi.
Yanvar oyida Tramp milliy xavfsizlikka tahdid tufayli ilovani AQShda sotish yoki taqiqlashni talab qiluvchi qonun ijrosini kechiktirgan farmonni imzolagan edi.
Aprel oyida Donald Tramp AQShda TikTok faoliyatini yana 75 kunga uzaytirishga qaror qilganini ma’lum qildi.
12-iyun kuni AQShda TikTok sotuvini yana kechiktirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
18-iyun kuni esa Tramp AQShda TikTok’ni bloklashni 90 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Prezident platforma faoliyatini to‘xtatishni rejalashtirmayotganini aytib, amerikaliklar ma’lumotlarini himoya qilishni ta’minlaydigan kelishuvni yakunlash uchun ko‘proq vaqt berdi.
Avvalroq Spot TikTok virtual frilanserlar bilan reklama videolarini yaratish funksiyasini qo‘shgani haqida yozgandi.
Sun’iy intellekt haqiqiy odamlarning kontentini taqlid qilishi, matnli so‘rov asosida video yaratishi hamda mahsulotni namoyish etishi mumkin.