AQSh prezidenti Donald Tramp BRIKSni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarni 10%lik bojlar bilan tahdid qildi. Bu haqda Amerika yetakchisi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“BRIKSning Amerikaga qarshi siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi har qanday davlatga nisbatan 10% miqdorida qo‘shimcha bojlar joriy etiladi. Istisnolar bo‘lmaydi”, deb yozadi Tramp.

BRIKS (inglizcha BRICS — Brazil, Russia, India, China, South Africa so‘zlarining qisqartmasi) — Braziliya, Rossiya, Hindiston, XXR, JAR, BAA, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya kabi o‘nta davlatning birlashmasi bo‘lib, 2009-yil iyun oyida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida tashkil etilgan.

Yanvar oyi oxirida Tramp BRIKS mamlakatlari dollarni almashtirish urinishlaridan voz kechishi kerakligini, aks holda ularni 100%lik tariflar kutayotganini aytgan edi.

Tramp ilgari ham BRIKS mamlakatlari o‘z valyutasini ishlab chiqsa, yuqori boj joriy etish tahdidini bildirgan edi.

Jumladan, dekabr oyida saylovlarda g‘alaba qozongandan so‘ng, u AQSh ittifoqdosh mamlakatlardan “dollarning o‘rnini bosuvchi boshqa hech qanday valyutani qo‘llab-quvvatlamaslikni” talab qilayotganini aytgan edi.

Yanvar oyi oxirida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov BRIKS mamlakatlari umumiy valyuta yaratish masalasini muhokama qilmayotganini ma’lum qildi.

Peskovning qayd etishicha, BRIKSda uchinchi mamlakatlarga hamda o‘zaro investitsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan yangi qo‘shma investitsiya platformalarini yaratish haqida so‘z bormoqda. Mana shu masala muhokama qilinmoqda.


Avvalroq Spot Tramp va uning oilasi kriptovalyuta loyihalari orqali o‘z boyligini $620 mlnga oshirgani haqida yozgandi.

AQSh prezidenti oilasining aktivlari tarkibida mahsulotlar ishlab chiqarishga oid litsenziya bitimlari hamda kriptovalyutalar tobora ko‘proq ulushni egallamoqda.