O‘zbekistonda ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni elektromobillarni quvvatlantirish uchun mo‘ljallangan joylarda to‘xtatganlik uchun jarima solish taklif qilindi.

7-iyul kuni Tokbor elektr zaryadlash stansiyalari tarmog‘i vakili Aziz Parpiyev Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan IT-kompaniyalar vakillari, kontent-provayderlar va davlat xaridlari ishtirokchilari bilan ochiq muloqotda shunday taklif bilan chiqdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tokborga elektromobil haydovchilaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda, ular ochiq avtoturargohlarda elektr yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘rnini IYDli avtomobillar egallayotganidan shikoyat qilmoqda. Bu elektromobil egalariga quvvatlash stansiyalaridan foydalanish imkonini bermaydi.

Aziz Parpiyevning ta’kidlashicha, o‘tgan yili prezident administratsiyasi tomonidan O‘zbekistonda elektr yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Tokbor Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari bo‘lgan joylarda to‘xtash joylari uchun o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-noyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, Ichki ishlar vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda stansiyalardan maqsadsiz foydalanishning oldini olish, stansiya maydonlarini egallab olish holatlarini bartaraf etish va ta’sir choralarini ko‘rish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan hukumatga takliflar kiritish topshirildi. Tokbor vakili ma’lumotiga ko‘ra, ushbu topshiriq hozirgacha bajarilmagan.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Tokbor taklifini “o‘rinli” deb atadi va uchrashuv bayonnomasiga kiritdi.


Avvalroq Spot besh oyda O‘zbekiston avtomobil importi tarkibida elektromobillar yarmidan ko‘pini egallagani haqida yozgandi. May oyida mamlakatga olib kelingan avtomobillarning qariyb 95%i Xitoyda ishlab chiqarilgan.