Joriy yilning 11-iyulidan boshlab O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish to‘xtatiladi. Bu haqda O‘zbekistonda IELTS imtihonini oluvchi IDP (Edu-Action Centre) markazi ma’lum qildi.
Tashkilotga ko‘ra, bu qaror operativ sabablarga ko‘ra qabul qilingan hamda endilikda nomzodlar faqat kompyuter orqali test sinovlaridan o‘tishlari mumkin.
Shundan kelib chiqib, 11-iyuldan keyin qog‘oz shakldagi imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tgan hamda to‘lovlarni amalga oshirgan nomzodlarga kompyuter orqali (IELTS on Computer) imithon topshirish yoki to‘lovni to‘liq qaytarib olish tavsiya etilmoqda.
Bu holat shu vaqtgacha qog‘ozda topshirilgan test javoblarining internetga sizdirilishi fonida yuz berdi. 17-iyun kuni IDP imtihon markazi o‘zining tarmoqlardagi sahifasida so‘nggi paytlarda test materiallarining noqonuniy savdosi avj olganini ochiqladi.
Britaniya kengashi (British Council) va IDP 7-iyun sanasida IELTS imtihonini topshirgan barcha nomzodlarning natijalari Cambridge English tomonidan IELTS imtihoni qoidalariga asosan qayta tekshirishga olib qolinishini ma’lum qildi. 24-iyun kuni qayta tekshiruv natijalari e’lon qilina boshlandi. Qayta tekshiruv o‘tkazilib, ulardan ishonchli bo‘lmagan natijalar ajratib olingan va alohida tekshirishga yuborilgan.
Gazeta’ga ma’lum bo‘lishicha, imtihon tizimi O‘zbekistonda qog‘oz shaklidagi test sinovlari taqdiri nima bilan yakunlanishi haqida aniq xulosaga kelmagan.
Avvalroq magistraturaga qabul boshlangani haqida xabar berilgandi. Arizalarni 30-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirish mumkin.