AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida import qilinadigan mis uchun 50%lik boj joriy etilishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters.
Shuningdek, u yaqin kelajakda yarimo‘tkazgichlar va farmatsevtika mahsulotlarini mamlakatga olib kirishda oshirilgan bojlar joriy etilishini e’lon qildi.
Yevropa Ittifoqi va Xitoy bilan savdo muzokaralari muvaffaqiyatli davom etmoqda, biroq Yevropa Ittifoqiga bojxona tariflari to‘g‘risidagi xat yuborilishiga bir necha kun qoldi, dedi Tramp.
“Men mis uchun bojni 50%ga chiqaramiz, deb o‘ylayman”, dedi Tramp. Bu izohlardan so‘ng Nyu-Yorkdagi mis narxi 10,87%ga ko‘tarilib, bir funt (taxminan 0,45 kilogramm) uchun $5,6ga yetdi.
Bir vaqtning o‘zida bu ko‘rsatkich bir funt uchun $5,88ga ko‘tarildi. Bu elektromobillar, harbiy texnika, elektr tarmoqlari va ko‘plab iste’mol tovarlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan rangli metall uchun rekord narx hisoblanadi. Keyinchalik narxlar pasayib, o‘sish sur’ati taxminan 8%gacha sekinlashdi.
Reuters nashrining xabar berishicha, AQSh prezidenti Tramp dori-darmon importiga 200%lik boj solish bilan tahdid qilganidan so‘ng, Amerika farmatsevtika kompaniyalarining aksiyalari qiymati tushib ketdi.
Tramp ma’muriyati aprel oyi boshida ayrim davlatlar uchun oshirilgan boj tariflarini e’lon qilganidan so‘ng “90 kun ichida 90 ta bitim” tuzishni va’da qilgan edi. Ammo agentlikning xabar berishicha, hozircha AQSh faqat Buyuk Britaniya va Vetnam bilan kelishuvga erishdi.
Prezident Hindiston bilan bitim tuzish arafasida ekanligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 9-iyul kuni ertalab tariflar bo‘yicha “kamida yettita” xabarnoma, kunning ikkinchi yarmida esa yana bir nechta xabarnoma e’lon qilinadi. Tramp ikki kun ichida Yevropa Ittifoqiga AQShga eksport qilishda qanday stavkaga umid qilishi mumkinligini “ehtimol” ma’lum qilishini aytdi.
Avvalroq Spot Tramp 1-avgustdan Qozog‘istondan keladigan tovarlarga 25%lik boj joriy qilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, yangi tariflar Malayziyaga 25%, Janubiy Afrikaga 30%, Laos va Myanma uchun esa 40% miqdorida belgilanmoqda.