Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat reyestrini yuritish tartibini tasdiqladi. Idora qimor o‘yinlarida qatnashishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatini belgiladi.
Shuningdek, nazorat organi qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etishdagi qoidabuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarima miqdorlarini belgiladi. Ushbu jarimalar e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach — 9 oktabrdan kuchga kiradi.
Jarimalarning 50%i davlat budjetiga o‘tkaziladi. Qolgan 50%i ILMAning tijorat bankidagi shaxsiy hisob raqamlariga yo‘naltiriladi.
Xorijiy yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston hududida litsenziyasiz internet orqali qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik idoralarini tashkil etish BHMning 25 ming baravari — 10,3 mld so‘m miqdorida jarima bilan jazolanadi. Xuddi shunday jarima kazino, doimiy yoki ko‘chma o‘yin zallari va boshqa qimor o‘yinlari muassasalarini ochganlik uchun ham belgilangan.
Jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan kurashish talablarini buzganlik uchun jarima BHMning 15 ming baravari — 6,18 mlrd so‘m miqdorida belgilanadi. Qimor o‘yinlari tashkilotchilari tomonidan shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari buzilganda ham xuddi shunday miqdordagi jarima undiriladi.
Ruxsat etilmagan qimor o‘yinlarida ishtirok etish, lotereya chiptalarini sotib olish yoki bukmekerlik stavkalarini qo‘yish uchun pul qabul qilganlik uchun BHMning 10 ming baravari — 4,12 mlrd so‘m miqdorida jarima solinadi.
Shuningdek, qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatini reklama qilish talablarini buzganlik uchun ham BHMning 10 ming baravari miqdorida jarima belgilangan.
Boshqa qoidabuzarliklar uchun sanksiyalar tashkilotchi kompaniya uchun ustav kapitalining eng kam miqdoridan ulush sifatida hisoblanadi.
Bu qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyati uchun BHMning 150 ming baravari (56,25 mlrd so‘m), lotereya o‘yinlari uchun esa BHMning 55 ming baravari (20,625 mlrd so‘m) miqdorida belgilangan.
Jarimaning eng ko‘p miqdori ustav kapitali eng kam miqdorining 1%ini tashkil etadi (bukmekerlik va qimor o‘yinlari uchun 562,5 mln so‘m, lotereyalar uchun 206,25 mln so‘m).
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi qimor o‘yinlarini targ‘ib qilgan to‘rtta blogerni javobgarlikka tortgani haqida yozgandi. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan.