Google Gemini AI modeliga smartfonlardagi ilovalar bilan o‘zaro aloqa qilishga ruxsat berdi.

Qayd etilishicha, Gemini yordamida xabarlar yozish va eslatmalar o‘rnatish mumkin bo‘ladi, ammo u materiallarda keltirilgan ma’lumotlar asosida ham o‘rganib boradi.

Foydalanuvchilar uchun texnik bildirishnomada aytilishicha, 2025-yil 7-iyuldan boshlab sun’iy intellekt modeli smartfondagi tashqi ilovalar, jumladan, messenjerlar, taqvimlar va pochta bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi mumkin.

Google Gemini ilovasi yuklab olingan Android qurilmalari egalari uchun integratsiyani yoqdi. Ba’zi smartfonlarda u oldindan o‘rnatilgan va uni o‘chirib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, kompaniya “inson-taqrizchilar sun’iy intellekt foydalana oladigan ma’lumotlarni o‘qishi va qayta ishlashi"ni ta’kidladi.

Ammo xatda modelga xabarlar, maktublar, jadvallar va boshqa materiallarni tahlil qilishni taqiqlash bo‘yicha yo‘riqnomalar berilmagan.

Foydalanuvchilar “Sozlamalar” bo‘limida veb-versiyada ba’zi ilovalarni model uchun bloklashlari mumkin, lekin bunday holda ham ma’lumotlar 72 soat davomida saqlanib qoladi.


Avvalroq Spot Gemini chat-boti foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni eslab qolishni o‘rganishi haqida yozgandi.

Yangi funksiya yordamida chat-bot foydalanuvchining hayoti haqidagi ma’lumotlarni, uning ishi yoki shaxsiy istaklari haqidagi ma’lumotlarni eslab qolishi mumkin.