Google Gmail pochtasi uchun yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.

U “Obunalarni boshqarish” deb nomlangan bo‘lib, foydalanuvchi ilgari ro‘yxatdan o‘tgan va xabar yuborishga ruxsat bergan kompaniyalar hamda xizmatlardan avtomatik tarzda keluvchi xatlarga obunani bekor qilish imkonini beradi.

Yangi imkoniyat hozirda Gmail veb-versiyasidagi ba’zi foydalanuvchilarga taqdim etilgan. Android ilovasida u 14-iyuldan, iOS uchun esa 21-iyuldan boshlab paydo bo‘ladi.

Qayd etilishicha, funksiya asta-sekin joriy etilayotgani sababli, bo‘lim sizda ko‘rinishi uchun ikki haftagacha vaqt ketishi mumkin.

Gmail veb-versiyasi yoki mobil ilovasini ochish, bosh sahifada “burger” — yuqori chap burchakdagi uchta chiziqli belgini hamda obunalarni boshqarish tugmasini bosish kerak.

Keyin jo‘natilgan xatlar soniga qarab saralangan jo‘natuvchilar ro‘yxati ochiladi. O‘ng tomonda chizilgan konvertli tugma bo‘ladi. Agar u bosilsa, obuna bekor qilanadi va bu yuboruvchidan boshqa xat olmaslik imkonini beradi.

Jo‘natmalardan voz kechish imkoniyati doimo mavjud edi. Xizmatlar va kompaniyalarning deyarli barcha xatlarida “Obunani bekor qilish” yoki “Jo‘natmalardan voz kechish” tugmasi bor. Lekin uni ko‘pincha xatning eng oxiriga yashirishadi.

Bundan tashqari, spamni bunday usulda yo‘q qilish ancha zerikarli — har bir xatni ochib, bu tugmani topish, havolalarni bosish va rad etishni tasdiqlash kerak bo‘ladi. Endi Gmailda bu jarayonni biroz osonlashtirish imkoni paydo bo‘ldi.


Avvalroq Spot Gmailda elektron pochta xabarlarini og‘zaki o‘qib berish funksiyasi qo‘shilishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, funksiya sayohat paytida yoki uchrashuvga ketayotganda xabar yuborishi kerak bo‘lganlar uchun foydali vosita bo‘lishi mumkin.