Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov 8-iyul kuni Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev poytaxtda rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Jumladan, Toshkentda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan umumiy qiymati $816 mln bo‘lgan uchta yirik turar-joy majmuasi loyihasi taqdim etildi.
Masalan, Foton kompaniyasi Sharof Rashidov mahallasi hududida $175 mlnlik ikki minorali osmono‘par bino qurishni taklif qildi. Xamkor Inshaat xususiy kompaniyasi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti yaqinida $180 mlnlik, Tashkent Invest esa Magic City bog‘i va Humo Arena muz saroyi yaqinida $461 mlnlik yirik turar-joy majmualarini qurish istagida.
Loyihalar joylashishi mumkin bo‘lgan hududlardan ayrimlari rekonstruksiya, konservatsiya va yana ma’lum bir qismi rekonstruksiya zonasiga kiradi. Shu bilan birga, ularning ayrimlariga binolar balandligi hamda zilzilabardoshliligi bo‘yicha berilgan xulosalar Qurilish vazirligining bosh reja xaritasida belgilangan me’yorlarga javob bermaydi.
Aziz Halilovning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi bosh rejada har bir hududning seysmologik xususiyati, ya’ni zilzilabardoshlik darajasi inobatga olingan. Yangi qurilish loyihalari mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, xavfsizlik talablariga javob bersa, ular bosh reja doirasida tasdiqlanishi mumkin.
Qurilish vazirligi vakili tegishli institutlar bilan birgalikda poytaxt bosh rejasini qayta ishlab chiqish yuzasidan tahliliy ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Hozirda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Chunki unda ayrim hududlar uchun belgilangan [eskirgan me’yorlar] mavjud. Masalan, faqat besh qavatli bino qurilishi nazarda tutilgan joylarda 16 va undan baland bino-inshootlarni qurish imkoniyati bor”, — dedi Halilov.
Shuningdek, Aziz Halilov “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi qabul qilinishining kechikishini ham izohlab o‘tdi. Uning aytishicha, hujjatni ishlab chiqishda aholi manfaatlari va mulk huquqining daxlsizligini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
Halilov qonun loyihasi bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazilgani va hujjat tayyor holga keltirilganini ta’kidladi. Endi u Oliy Majlis Senatida ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kutilmoqda.
“Bu oddiy qaror emas. Chunki 1991-yilgacha qurilgan 30 mingdan ortiq uylar mavjud. Vaqt o‘tishi bilan ularning poydevorlari cho‘kib, ma’nan eskirishi holatlari kuzatiladi. Shuning uchun bu qonun uzoq yillar davomida aholi manfaatlariga xizmat qilishi kerak”, — dedi u.
Qurilish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva joriy yilning aprel oyida prezidentga taqdim etilgan qonun loyihasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Uning qaytishicha, ikki qavatli eskirgan uylarda yashovchi aholi o‘z uylarining narxini qimmat baholashmoqda. Investorlar aholi bilan narxlarni kelishishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Hukumatning 2024-yil dekabr oyidagi tegishli qarori bilan poytaxtning 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlanib, Toshkent hududi 3 ta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi.
Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan bo‘lib, 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq 2030-yilgacha O‘zbekistonda issiqlik ta’minotini subsidiyalashdan to‘liq voz kechilishi haqida xabar berilgandi.