10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini bog‘lab turuvchi Bunyodkor ko‘chasida bo‘lib, bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan.
Salohiyatdan foydalanib, ko‘chaning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi. Yo‘l bo‘yi obod qilinib, odamlar sayr qilishi, ovqatlanishi va mazmunli dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Ko‘chani gastronomik ko‘chaga aylantirish uchun bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik subyekti tunu kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shundan 45 tasi yangi tashkil etilgan. Shu bilan birga, 500 kishi ish bilan ta’minlandi.
Bunyodkor ko‘chasiga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Hozirda bu yerga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyuradi, ularning sonini yiliga 1 mlnga yetkazish sharoit mavjud.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum ko‘chalar tashkil etilgan. Bunyodkor ko‘chasi mazkur turizm halqasining bir qismi bo‘ladi. Toshkent shahrida 26 ta ko‘chani uzluksiz ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24/7 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini 1000 taga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
2024-yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
O‘tgan yilning 15-iyulidan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. Spot Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi. Joriy yilning iyun oyida gastronomik ko‘cha qurilishining ikkinchi bosqichi yakunlandi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.
Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, Fayz mebel fabrikasida tugaydi.
Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.
Mart oyida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Hokimlik gastronomik ko‘chalarni tashkil etish uchun joylar Toshkentdagi tadbirkorlik faoliyatini hisobga olgan holda tanlanganini qayd etdi. Bu yerda tashrif buyuruvchilar xavfsizligi va qulayligi ta’minlanadi. Shuningdek, shovqin va jamoat tartibini buzishning oldini olish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.