Green White Solutions asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni saqlash uchun ma’lumot markazlari yetishmasligi muammosini ko‘tardi. Bu haqda u 7-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan IT-kompaniyalar vakillari, kontent-provayderlar va davlat xaridlari ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda qayd etdi.

Tadbirkor foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z yuritib, o‘z xizmatlarini 10 dan ortiq mamlakatlarda sotishi, biroq mahalliy mijozlar bilan ishlashda mamlakat hududida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talabi tufayli muammolar yuzaga kelayotganini ta’kidladi. Raqamli texnologiyalar vazirligi hozir bu muammo bilan shug‘ullanmoqda, biroq bu talab boshqa davlat organlaridan kelib chiqmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

“Biz mamlakat ichida ishlaganimizda bu muammoga doimo duch kelamiz. Mijozlarda [shaxsiy ma’lumotlar] O‘zbekiston hududida saqlanadimi, yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Lekin, hech kim [bu talabga] javob beradigan ma’lumotlar markazi mavjudligi masalasiga e’tibor qaratmaydi. Tier III standartiga javob beradigan birorta ham data-markaz yo‘q”, — dedi Abduqahhor Toshmuhamedov.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning Zangiota tumanidagi data-markaz to‘g‘ri keladimi, degan savoliga IT-kompaniya vakili ushbu ma’lumotlar markazi ham talabga javob bermasligini ta’kidladi.

Green White Solutions asoschisining so‘zlariga ko‘ra, kamida ikkita ma’lumotlar markazi bo‘lishi kerak. Bu asosiy ma’lumotlar markazida nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda, nusxalar zaxira markazda saqlanishini ta’minlaydi. Toshmuhamedov bu talabni davlat ulushi 51% dan yuqori bo‘lgan korxona va tashkilotlarda joriy etishni taklif qildi.

Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarovning ma’lum qilishicha, 2022-yil avgust oyida ishga tushirilgan Zangiota tumanidagi “Elektron hukumat” davlat ma’lumotlar markazi Tier III xalqaro standarti bo‘yicha sertifikatlangan. Vazirlik, shuningdek, obyektni kengaytirishni nazarda tutuvchi qurilishning ikkinchi bosqichi bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Bundan tashqari, O‘zbektelekom joriy yilda uchta — Qo‘qon, Buxoro va Ohangarondagi data-markazlarni foydalanishga topshiradi. Spot kompaniya matbuot xizmatiga so‘rov yubordi, biroq tezkor javob olmadi.

Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev besh yil ichida xususiy investorlar ishtirokida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 20 ta data-markaz qurilishini e’lon qilgandi.

Avvalroq biznes IT Park Uzbekistan’da “ingliz huquqi"ni joriy etishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.