Dubayning Emirates aviakompaniyasi kriptovalyuta orqali to‘lovni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, aviakompaniya Crypto.com raqamli aktivlar birjasi bilan dastlabki kelishuv doirasida o‘z mijozlari uchun kriptovalyuta to‘lovlarini joriy etish rejalarini e’lon qildi.

Tomonlar kelgusi yilda funksiyani joriy etish rejalari bilan Emirates to‘lov tizimlariga Crypto.com Pay integratsiyasini o‘rganish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Agar u amalga oshirilsa, Emirates kriptovalyutani to‘lov usuli sifatida qo‘llab-quvvatlaydigan dunyodagi birinchi yirik aviatashuvchilardan biriga aylanadi.

Emirates kompaniyasining rais o‘rinbosari va bosh tijorat direktori Adnan Kazim aytishicha, bu qadam “mijozlarning o‘zgaruvchan talablarini qondirish” va “to‘lovlar uchun raqamli valyutalarni afzal ko‘radigan yosh, texnologiyani yaxshi biladigan auditoriyani jalb qilish” bo‘yicha keng qamrovli strategiyaning bir qismi hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, aviakompaniyaning nazkur bayonoti Dubayning o‘zini global kriptovalyuta markaziga aylantirish rejalariga mos keladi. Bu reja raqamli aktivlar bilan ishlovchi kompaniyalar uchun jozibador bo‘lgan tartibga solish tizimiga asoslanadi.

Misol uchun, shu yilning boshida Dubay Crypto.com bilan kelishuv imzolab, davlat xizmatlari uchun kriptovalyuta to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat berdi.


Avvalroq Spot Dubayda blokcheyn kompaniyalari uchun 17 qavatli “kripto minora” qurilishi haqida yozgandi.

Qurilishi 2027-yilgacha yakunlanadigan binoda blokcheyn bo‘yicha startaplar hamda yirik kompaniyalar joylashishi kutilmoqda.