Prezidentning 8-iyulda qabul qilingan qarori bilan O‘zbekiston va Fransiya hukumatlari o‘rtasida readmissiya to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Mazkur hukumatlararo bitim joriy yilning 12-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida Parij shahrida imzolangan 10 ta hujjatdan biridir.
Ichki ishlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston tomonidan ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ to‘g‘risida Fransiya tomoniga tegishli bildirishnoma yuborishi kerak.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.
Joriy yilning 1-sentabridan Migratsiya agentligi tomonidan Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi yuritilishi belgilangan. Unda xorijda qonunchilikni buzishi natijasida deportatsiya qilingan hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir qiluvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarning ma’lumotlari bo‘ladi.
Bundan tashqari, mamlakatning xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.
Avvalroq Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov Parijda o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgandi. Fransiya OAVining yozishicha, o‘zbekistonlik bankir Nitsaga olib ketilib, u yerda kaltaklangan va tahdidga uchragan. Ikki kundan keyin esa uni ozod qilishgan.