Jizzax viloyatida 1,5 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
O‘zenergoinspeksiya Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda G‘allaorol tumanida joylashgan Ftiziatriya dispanserida mavjud elektron gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 1 mlrd 535 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida ham tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Inspeksiya Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va gaz ta’minoti korxonasi ishtirokida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Dang‘ara tumanida joylashgan “X.Q.K.” xususiy korxonasiga qarashli oshxonaning gaz qurilmalarini hisoblagichdan tashqari yashirin ravishda gaz tarmog‘idan foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 2 mlrd 887 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Toshkent viloyatida 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, omuxta yem ishlab chiqarish korxonasida hisoblagichdan tashqari gaz quvuriga yashirincha montaj qilish orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.