Kattaqo‘rg‘on tumanida 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi M.A. fermer xo‘jaligi rahbari G.R. tijorat maqsadida suv nasoslarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab olgan.
Buning natijasida 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Spot Xorazmda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Urganch tumanida joylashgan korxona sug‘orish maqsadida foydalanayotgan suv nasoslari uchun elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan.