Xitoyning Shangdong Electrical Engineering & Equipment Group kompaniyasi Toshkentdagi ikkita elektr podstansiyasini yangilaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari magistral elektr uzatish liniyalari operatori 7-iyul kuni Xitoyning elektr uskunalari yetkazib beruvchisi bilan shartnoma imzoladi.
Qayd etilishicha, hujjat 220 kV kuchlanishli Zafar va Fayziobod podstansiyalarini to‘liq modernizatsiya qilishga oid hisoblanadi.
Kelishuv doirasida obyektlarni zamonaviy to‘plamli elegaz izolyatsiyali taqsimlash qurilmalaridan (KRUE) foydalanishga o‘tkazish rejalashtirilgan. Xitoy tomoni texnikani loyihalashtirish, yetkazib berish va o‘rnatish ishlarini bajaradi.
Loyihaning asosiy maqsadi — ushbu podstansiyalarni zamonaviy elegaz izolyatsiyali komplekt taqsimlovchi qurilma (KRUE) podstansiyalariga aylantirishdir.
KRUEni o‘rnatish podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlashi, xodimlarning xavfsizligini oshirishi va ularning ishiga inson omilining ta’sirini kamaytirishi kerak.
Modernizatsiya atrof-muhitga salbiy ta’sirni, shuningdek, obektlar faoliyatiga iqlim ta’sirini kamaytirishi kutilmoqda.
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar Toshkentda biznes yuritishning asosiy to‘sig‘iga aylandi. To‘liq quvvatda ishlamaydigan tadbirkorlar ulushi 55%gacha ko‘tarildi.
O‘tgan hafta Spot tariflar joriy etilganidan so‘ng tadbirkorlar bilan energiya ta’minoti vaziyatini va uzluksiz elektr yetkazib berish uchun ko‘proq to‘lashga tayyorliklarini muhokama qilgan edi. Suhbatda ishtirok etgan barcha biznes vakillari elektr tarmoqlaridagi muntazam uzilishlarni va elektr ta’minoti tashkilotlaridagi shaffoflik muammosini ta’kidlashgan.
Shundan so‘ng, Hududiy elektr tarmoqlari uzilishlarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tarmoqlarni yangilash va ta’mirlash ishlari hamda favqulodda vaziyatlar bilan izohladi. Davlat kompaniyasi rejalashtirilgan uzilishlar haqida jamoatchilikni yaxshiroq xabardor qilishga va’da berdi.
Avvalroq Spot olti oyda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yashil energiya miqdori 5 mlrd kVt/soatga yetgani haqida yozgandi.
So‘nggi yarim yillikda GESlarni hisobga olgan holda yashil generatsiyaning umumiy ulushi 20% dan oshdi.