Avvalroq prezident Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Bu binolar fasadlarini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Yangi Toshkent shahri qurilish direksiyasi direktori Davronjon Odilov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga bir nechta shaharlardagi loyihalar taqdim etilganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, obodonlashtirish, yo‘l infratuzilmasi, piyodalar yo‘lakchalari hamda velosipedlar harakati bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi standartlar Toshkent shahri bilan birga, Yangi Toshkent shahri uchun ham tatbiq etiladi.
Standartlar esa AQSh va Yevropada keng qo‘llanadigan AASHTO va NACTO xalqaro standartlari asosida Buyuk Britaniya kompaniyasi tomonidan qayta ishlab chiqilgan.
“Bu, avvalo, bugungi tendensiyalardan kelib chiqib, yo‘llarda piyodalar va velosipedda harakatlanuvchilarga ustunlik berishni nazarda tutadi. Unda bu ustunlikka qanday erishilishi, standartlari, piyodalar yo‘lagining kengligi va eni necha metr bo‘lishi, uni iqlim sharoitimizdan kelib chiqib, doimiy ravishda soyada saqlash kabi har bir detaliga alohida e’tibor berilgan”, — dedi Davronjon Odilov.
Shuningdek, u prezident shahar ko‘chalari va Yangi Toshkent loyihalarida yangi standartlarni qo‘llashda uning har bir bandiga alohida e’tibor qaratish vazifasini topshirganini ta’kidladi. Ishlarni keyinchalik ekspluatatsiya xarajatlarini ham minimallashtirishni nazarda tutgan holda amalga oshirish topshirildi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov poytaxt ko‘chalari va yo‘llaridagi ta’mirlash ishlari dizayn-kod asosida olib borilishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning dizayn-kodini ishlab chiqqan Buyuk Britaniyaning Atlas kompaniyasi Toshkent shahri uchun ham xuddi shunday hujjat tayyorlashga jalb qilingan. Dizayn-kod poytaxt ko‘chalarining fasad qismi, trotuarlar hamda yashil hududlarini belgilab beradi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Toshkentda 200 km yo‘l va to‘rtta yo‘l o‘tkazgich qurishi haqida xabar berilgandi. O‘tgan yilning noyabr oyida poytaxt hokimligi China State Construction Engineering Corporation kompaniyasidan $300 mln jalb qildi.