Avvalroq prezident Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Bu binolar fasadlarini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxt ko‘chalari va yo‘llaridagi ta’mirlash ishlari dizayn-kod asosida olib borilishini ma’lum qildi. Xususan, Xitoyning China State Construction Engineering Corporation kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari binodan binogacha bo‘lgan hududni qamrab oladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning dizayn-kodini ishlab chiqqan Buyuk Britaniyaning Atlas kompaniyasi Toshkent shahri uchun ham xuddi shunday hujjat tayyorlashga jalb qilingan. Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kod poytaxt ko‘chalarining fasad qismi, trotuarlar hamda yashil hududlarini belgilab beradi.
Umurzakov prezident dizayn-kod asosida obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi. Bu esa shahar ko‘rkini butunlay o‘zgartirishga olib keladi.
“[Toshkent shahrining qiyofasi borasida] aholining ko‘plab haqli e’tirozlari bor. Bu esa yagona standartning mavjud emasligi ortidan har qanday qurilish tashkiloti o‘z bilganicha harakat qilganini [ko‘rsatadi]”, — dedi poytaxt hokimi.
Shavkat Umurzakov bu kabi kamchiliklar bartaraf etilib, ishlar tizimli tartibda olib borilishini ta’kidladi. Ishlar parallel ravishda yo‘lga qo‘yiladi hamda muammolar bosqichma-bosqich hal qilinadi.
2024-yilning sentabrida poytaxt hokimligi shahar dizayn-kodini ishlab chiqish bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgandi. Undan ko‘chalar va hovlilarni bezatish, yo‘l ko‘rsatkichlari, ko‘cha jihozlari, jamoat joylarini loyihalash uchun foydalaniladi. Hokimlikning qayd etishicha, aholi ishtiroki dizayn-kodni samarali va sifatli bo‘lishiga, shahar muhitini barcha uchun qulay qilishga yordam beradi.
Avvalroq Spot Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi haqida yozgandi. Qurilish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov poytaxtdagi yangi loyihalar seysmologik jihatdan o‘rganilib, faqat bosh reja asosida qurilishni amalga oshirishga ruxsat berilishini qayd etdi.