Bojxona qo‘mitasida bojxona organlarining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyev.
Yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan tashqi savdo tovarlari 5%ga, shu jumladan, eksport hajmi 7%ga, rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari 12%ga ko‘paydi.
Bojxona chegaralari orqali harakatlangan yukli avtotransportlar 165 mingtaga, yukli vagonlar 376 mingtaga, yo‘lovchilar soni 3,3 mln nafarga oshdi.
11 mingdan ortiq tadbirkorlarga 24,6 trln so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi, 2,8 trln so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Davlat byudjetiga 34 trln so‘m bojxona to‘lovlari o‘tkazilib, belgilangan reja ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Bojxonachilar tomonidan aniqlangan 19 mingdan ziyod kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 564 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.
Qayd etilishicha, noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan valyuta qimmatliklari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobarga, zargarlik buyumlari esa qariyb 2 barobarga ortgan.
Hisobot davrida bojxona xodimlari 1247 kg giyohvandlik vositalari, 156 kg psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarni to‘xtatib qolishdi.
Sohani raqamlashtirish orqali bojxona xizmatlarida inson omilini qisqartirish, kadrlar bilan ishlash tizimini yanada kuchaytirish yo‘nalishlarida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
Natijada, eksportda 94%, importda 84% yuk deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi.
Bunda, deklaratsiyalarni inson omilisiz rasmiylashtirish eksportda 51%ni, importda 16%ni tashkil etdi. Natijada 26,6 mingdan ziyod tadbirkorlarning ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejalishiga erishildi.
Avvalroq Spot Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut ota o‘tkazish punkti yana to‘rt oyga yopilgani haqida yozgandi.
Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan rekonstruksiya ishlari sababli Qozog‘iston tomoni fevral oyida qo‘yilgan cheklovni 1-sentabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston buni qo‘llab-quvvatladi.
Joriy yilning 1-fevralidan Tajen — Dovut ota o‘tkazish punktlari orqali fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 3 oyga to‘xtatilgandi.