Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur hudud Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan bo‘lib, 320 gektar maydonni egallagan. Kichik sanoat zonasi maqomidagi ushbu majmua Prezidentning 2023-yil 3-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan.
Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. Hozirgi kunda bunday korxonalar soni 531 taga yetdi.
Ularda yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi. Yillik ishlab chiqarish salohiyati ham kam emas — 6,8 trln so‘m. Joriy yilda hududdagi 50 ta korxonada 180 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.
Davlat rahbari ushbu hududdagi Tarleplast korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati $25 mln bo‘lib, korxonaga Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan 12 turdagi zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan.
Natijada bu yerda yiliga 90 ming tonna temir quvur va po‘lat profillar ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Mahsulot hajmi pul ko‘rinishida 900 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxonada 120 ish o‘rni yaratilgan.
Yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamli quvurlar turi, hajmi va narxi bo‘yicha raqobatbardosh hisoblanadi. O‘tgan yili $4 mlnlik mahsulot Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilinganida ham ko‘rish mumkin. Endi sotuv geografiyasi yanada kengaytirish mo‘ljallangan.
Prezident mazkur industrial hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Yaqin istiqboldagi sanaot loyihalari taqdimot qilindi.
Xususan, ko‘p qavatli ishlab chiqarish korpusini qurish va monomarkaz tashkil etish rejalashtirilgan. Natijada sanoat zonasida yana 100 ta yangi loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 3 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Loyihalar qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika, poligrafiya, avtomobilsozlik, tikuv-trikotaj va qandolatchilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish hamda xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Spot Muborak gazni qayta ishlash zavodi yonida sanoat zonasi tashkil etilishi haqida yozgandi.
Loyiha jami 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unda klaster asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.