Rossiya fermerlari dalalardagi ishchi kuchi tanqisligi tobora kuchayib borayotgani haqida xavotir bildirmoqda. Bu haqda Agroinvestor nashri xabar berdi.

Rossiya bog‘bonlar uyushmasi rahbari Igor Muxaninning ta’kidlashicha, kadrlar inqirozi bir nechta hududlarni qamrab olgan va hosilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solmoqda.

U ishchi kuchi yetishmasligining asosiy sabablaridan biri sifatida migratsiya talablarining qat’iylashtirilganini, xususan, ishlash ruxsatnomasini olish uchun rus tilidan majburiy imtihon topshirish talabini ko‘rsatmoqda.

“Migrantga olma terish uchun rus tili nimaga kerak? Rus tilini ishboshi bilsa yetarli”, — dedi Muxanin.

Bog‘bonlar uyushmasi rahbarining aytishicha, 2024-yilda Krasnodar o‘lkasida mahalliy hokimiyat migrantlarni mavsumiy ishlarga jalb qilishni taqiqlashi oqibatida minglab tonna olma va rezavorlar nobud bo‘lgan — hosilni vaqtida yig‘ib olishga ulgurishmagan.

2025-yilda ahvol yaxshilanmadi va Kubanda rezavorlar hosili kamroq bo‘lishiga qaramay, ishchi kuchi taqchilligi yana yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirmoqda mutaxassis.

Rezavorlar mo‘l hosil bergan Tambov viloyatida ham fermerlar hosilni yig‘ishtirib olishga ulgurishmayapti.

“Hozir qulupnay, malina terimi bo‘layotgan edi, tez orada gilos yig‘imi boshlanadi, biroq tonnalab mahsulot nobud bo‘lmoqda. Odam yo‘q”, — deydi Muxanin.

Uning qo‘shimcha qiladishicha, oldinda hali yig‘ib olinmasligi mumkin bo‘lgan olma terimi ham bor.

Muxaninning aytishicha, kadrlar tanqisligi sabzavotchilik sohasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yomg‘irli mavsumda sabzavotlarni tez yig‘ib olish va saralash talab etiladi.

Biroq ishchi kuchi yetishmasligi sababli hosilning bir qismi chiriy boshlaydi, iste’molchilar esa do‘konlarda narxlarning oshishiga duch kelishadi.


Avvalroq Spot Rossiyada migrantlar uchun davlat bojini joriy qiluvchi qonun loyihasi ma’qullangani haqida yozgandi.

Bunda bojlar chet el fuqarolarini vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun qo‘llaniladi.