O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Rossiya Mehnat va bandlik federal xizmati (Rostrud) rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rostrud rahbari o‘rinbosari Irina Zubkova hamda Mehnat bozori va xalqaro loyihalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olga Korchemkina ishtirok etgan muloqotda O‘zbekistondan Rossiyaga tashkiliy mehnat migratsiyasini rivojlantirish, mavjud mexanizmlarni takomillashtirish va ularni raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar “Rossiyada ishlash” platformasi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakolatxonasining shaxsiy kabinetini yaratish, ishga joylashish talab va tartiblarini tushuntirishga oid qo‘shma axborot materiallarini ishlab chiqishga e’tibor qaratdilar.
O‘zbekiston tomoni fuqarolarni Rossiyada ishga joylashtirish uchun huquqiy kanallarni kengaytirishda ikki davlatning tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Shuningdek, tashkiliy tartibda ishga qabul qilishni soddalashtirish, ishonchli ish beruvchilarni tanlash va ularning halolligini birgalikda nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Rossiya tomoni mehnat munosabatlarini raqamlashtirish va ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Rossiya maqsadli auditoriyasi uchun axborot materiallarini birgalikda tayyorlash va tushuntirish ishlarini olib borishda hamkorlik qilish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Avvalroq Rossiyada migrantlar uchun davlat bojini joriy qiluvchi qonun loyihasi ma’qullangani haqida xabar berilgandi. Bunda bojlar chet el fuqarolarini vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun qo‘llaniladi.