Prezident 10-iyul kuni “O‘zbekiston fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.
Unga ko‘ra, shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turar joy mulkdori yoki uni tasarruf etish huquqiga ega shaxs ularni yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Joylashtirish vositalarida turganlarni turgan joyi bo‘yicha xabardor qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tkazish mas’ul xodimlar tomonidan “E-mehmon” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Xorijda doimiy yashovchi fuqarolar O‘zbekistonga kirgan kundan 10 ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
- ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida;
- davlat xizmatlari markazlarida;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali.
Yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talab qilinadi. Hozirda bu bir kishi uchun 16 kv.metrni, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironligi bo‘lganlar uchun esa 23 kv.metrni tashkil etadi.
Avvalroq MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.