YouTube soxta kontentga qarshi kurashish maqsadida platforma qoidalarini yangilashni rejalashtirmoqda, deya xabar beradi TechCrunch.

Qayd etilishicha, gap neyron tarmoqlar yordamida yaratilgan videolar haqida ketmoqda.

Shunday qilib, videoxosting o‘z obro‘siga bo‘lgan xavfni kamaytiradi. Bundan tashqari, bunday kontent mualliflarining daromadlarini qisqartirish orqali moliyaviy yuk ham kamayadi.

YouTube “nohaqiqiy” kontent, jumladan, ommaviy videolar va sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida osonroq yaratilayotgan boshqa turdagi takroriy kontentdan ijodkorlarning daromad olish imkoniyatlarini cheklash maqsadida o‘z siyosatini yangilashga tayyorlanmoqda.

Kompaniya 15-iyul kuni YouTube Hamkorlik dasturi (YPP) monetizatsiya siyosatiga o‘zgartirish kiritadi va qaysi turdagi kontent ijodkorlarga daromad keltirishi, qaysi biri esa daromad keltirmasligi haqida batafsil ko‘rsatmalar qo‘shadi.

Qoidalarning aniq ta’rifi hali e’lon qilinmagan, ammo YouTube yordam sahifasida kontent yaratuvchilari har doim “asl” va “haqiqiy” kontentni yuklab olishlari shartligi tushuntirilgan.

Yangilanishda aytilishicha, yangi tahrir mualliflarga bugungi kunda “nohaqiqiy” deb hisoblangan kontentni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Ba’zilar buni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan materiallar, qisqa lavhalar va reaksiyalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli videolardan daromad olishni taqiqlashga urinish deb tushunishdi.

YouTube’dagi ba’zi kontent yaratuvchilar yangilanish ularning ayrim turdagi videolarni, masalan, reaksiya videolari yoki kliplardan iborat videolarni monetizatsiya qilish imkoniyatlarini cheklashidan xavotirda edilar.

Biroq, YouTube tahririyat materiallari va ijodkorlar bilan aloqalar bo‘limi rahbari Rene Richi o‘z xabarida bunday emasligini ta’kidladi.

Richi bu o‘zgarish YouTube’ning YPP bo‘yicha uzoq yillik siyosatiga kiritilgan “kichik tuzatish” ekanligini va kontentning ommaviy yoki takroriy ekanligini aniqroq baholash maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, uning qo‘shimcha qilishicha, bu turdagi kontent ko‘p yillardan buyon daromad keltirmaydi, chunki tomoshabinlar uni ko‘pincha spam sifatida qabul qilishadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yoqilishiga nimalar to‘sqinlik qilayotgani haqida yozgandi.

Platformaning mamlakatda ushbu xizmati yoqilishi YIMni 0,1% gacha oshirishi, yillik daromadni $50 mlngacha yetkazishi mumkin.