2025-yil iyul oyining birinchi haftasida O‘zbekistonda qovunning ulgurji narxlari uch barobar pasaydi.

Bozor ishtirokchilarining fikricha, bunday keskin pasayishning asosiy sababi O‘zbekistonning Mirzacho‘l tumani va qo‘shni Qozog‘istonda qovun hosilini ommaviy yig‘ib-terishning boshlanishi hisoblanadi. EastFruit mutaxassislari ta’kidlashicha, Qozog‘istonda joriy qovun mavsumi past narxlardan boshlangan.

Joriy mavsumda qovunning dastlabki yirik partiyalari poytaxt ulgurji bozorlariga o‘tgan yilga nisbatan bir hafta oldin — iyun oyi boshida kirib keldi.

Boshlang‘ich o‘rtacha ulgurji narx kilogrammi uchun 6000 so‘m ($0,47) ni tashkil etdi. O‘tgan mavsumda ushbu mahsulotning yirik partiyalari ulgurji bozorlarda paydo bo‘lishi bilan narxlar darhol pasayishni boshlab, uch hafta ichida to‘rt baravarga tushgan bo‘lsa, bu yil iyun oyining oxirigacha narxlar barqaror saqlanib qoldi.

Iyun oyining ikkinchi yarmida O‘zbekistondagi qovunning o‘rtacha ulgurji narxlari o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 2−3 baravar yuqori bo‘ldi. Biroq iyul oyi boshlanishi bilan vaziyat tubdan o‘zgardi — narxlar kilogrammi uchun 2 000 so‘m ($0,16) gacha tushib ketdi.

Asosan yangi qovun yetishtirish va eksport qilishga ixtisoslashgan “Fresh Melon” MCHJ rahbari Farhod Qorabekov joriy mavsum boshida narxlarning nisbatan yuqori bo‘lishiga ikkita asosiy omil sabab bo‘lganini ta’kidlaydi:

“Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, bu yil qovunning ertapishar va o‘rtapishar navlari maydoni o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan taxminan 30 foizga qisqargan. Bundan tashqari, joriy yil bahordagi ob-havoning kutilmagan o‘zgarishlari mamlakatimizning Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim hududlarida ertapishar va o‘rtapishar qovunlar sifatining pasayishiga olib keldi” — deya izohlaydi mutaxassis.

Buning natijasida ichki bozorda sifatli qovun miqdori cheklangan bo‘lib, ushbu mahsulotning dastlabki ulgurji partiyalari paydo bo‘lganidan so‘ng deyarli bir oy davomida narxlar o‘zgarishsiz qoldi.

Biroq, iyun oyining uchinchi o‘n kunligi — iyul oyining boshlarida O‘zbekistonning Mirzacho‘l tumani (Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining bir qismi), shuningdek, qo‘shni Qozog‘istonda qovun hosilini ommaviy yig‘ish boshlandi. Bu taklifning keskin o‘sishiga va natijada O‘zbekiston ichki bozorida narxlarning keskin pasayishiga olib keldi.

Farhod Qorabekovning aytishicha, Qozog‘istonda bu yilgi qovun mavsumi ancha past narxlardan boshlandi. Bu esa o‘z navbatida qovun hosilining mo‘lligi va sifatida deyarli muammo yo‘qligidan dalolat beradi.

Bunday vaziyat o‘zbek qovunining uchta asosiy yo‘nalish — Qozog‘istonning o‘zi, Rossiya va Qirg‘iziston bozorlariga eksport imkoniyatlarini keskin kamaytiradi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda bodom narxi qariyb ikki baravarga qimmatlashgani haqida haqida yozgandi.

So‘nggi ikki yarim oy ichida mahalliy navli bodom mag‘zining o‘tgan yilgi hosilining ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 65−70 ming so‘mdan 120−130 ming so‘mgacha ko‘tarildi.