Telegram platformasi videokontent ichida namoyish etiladigan yangi reklama formatini ishga tushirdi.

Endilikda foydalanuvchi video tomosha qilayotgan paytda ekran quyi qismida qisqa matnli reklama paydo bo‘ladi.

Qayd etilishicha, banner matnida 160 ta belgigacha ruxsat etilgan bo‘lib, u tashqi havolalarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Bunday bannerlar har ikki daqiqada ko‘pi bilan bir marta namoyish etiladi va paydo bo‘lganidan so‘ng to‘qqiz soniya o‘tgach, ularni yopish imkoniyati mavjud.

Adindex nashri “MTS AdTech” ma’lumotlariga asoslanib, bu qanday ko‘rinishda bo‘lishini namoyish qildi.

Reklama faqat kanallarda joylashtirilgan videolarda ko‘rsatiladi va uni joylashtirish huquqi faqat Telegram bilan ishlovchi reklama agentliklariga berilgan.

Yangi reklama formati foydalanuvchilarga noqulaylik tug‘dirmasdan platformadagi videolar orqali monetizatsiya imkonini kengaytirishga qaratilgan.

Telegram Premium obunachilari bu yangilik ta’sir qilmaydi va ularga bunday reklamalar ko‘rsatilmaydi.


Avvalroq Spot Telegramda faktlarni tekshirish funksiyasi sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.

Bunda foydalanuvchiga shubhali deb topilgan post ostida Telegram izohi bilan qisqacha xulosa va to‘liq tekshiruvga havola ko‘rsatiladi.