Avvalroq prezident davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirishga qaratilgan farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlanib, administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.
Endilikda har qanday normativ-huquqiy hujjat va loyiha prezident Administratsiyasi huzuridagi ilmiy-tahliliy institutlar tadqiqotlari, olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi.
Muhim yo‘nalishlar loyiha ofislari orqali amalga oshiriladi. Administratsiya faoliyatida “komplayens” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu shaffoflikni ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda prezident vakillari lavozimlari joriy etildi.
Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilmoqda.
Davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari instituti yanada mustahkamlanib, aholi bilan kommunikatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.
Farmon bilan vazirlik va idoralarning qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshiriladi. Bu bilan bog‘liq byurokratik jarayonlar qisqaradi, ular proaktiv faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.
Hukumat qarorlari, idoraviy hujjatlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari bilan tartibga solinadigan masalalar ro‘yxati belgilanadi. Endilikda idoralar o‘zlariga tegishli sohani mustaqil tartibga solish vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qila oladi.
Idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qayta ishlash (tahrirlash) imkoniyati yaratiladi. Idoraviy hujjatlarni xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida ularga huquqiy normalarni kiritishga ruxsat etiladi.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash nuqtayi nazaridan samaradorligi oshiriladi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklarning iqtisodiy, ma’muriy va moliyaviy vakolatlari yanada kengaytiriladi.
Farmon talablarini inobatga olgan holda Hukumat ijro apparati va ijro etuvchi organlarning shtat-tuzilmalari ham qayta ko‘rib chiqiladi va maqbullashtiriladi.
Avvalroq prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatilishi haqida xabar berilgandi. Endilikda ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘lib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Xalq nazorati portali butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi.