Google Research va DeepMind kompaniyalari tibbiyot sohasida qo‘llash uchun maxsus yaratilgan MedGemma nomli ochiq kodli sun’iy intellekt modellari to‘plamini ishlab chiqdi. Bu haqda Inc nashri xabar berdi.
Odatdagi umumiy maqsadli sun’iy intellekt modellari ko‘pincha radiologiya, dermatologiya yoki gistopatologiya kabi murakkab sohalar uchun zarur bo‘lgan aniqlik va maxsus bilimlarga ega emas.
MedGemma bu muammoni maxsus o‘qitilgan modellarni taklif qilish orqali hal qiladi. Uning tarkibiga matn va rasmlar bilan ishlay oladigan 4 mlrd parametrli model va 27 mlrd parametrli kattaroq model kiradi. Ushbu modellar sog‘liqni saqlash sohasidagi yangi vositalar uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Texnik hisobot shuni ko‘rsatmoqdaki, MedGemma tibbiy vazifalarda asosiy modellardan sezilarli darajada ustunlik qilmoqda. Rasmli savollarga javoblarning aniqligi 10%ga oshgan va rentgen tasvirlarini tasniflash 15,5−18,1%ga yaxshilangan.
Tibbiy imtihon savollaridan iborat MedQA sinovida 27 mlrd parametrli model 87,7% aniqlikka erishgan, bu esa asosiy modelning 74,9%lik natijasidan ancha yuqori.
Google tasvirlarni qayta ishlash uchun MedSigLIP nomli maxsus tibbiy tasvir kodlovchisini taqdim etdi. Bu kodlovchi 33 mlndan ortiq rasm va matn juftliklariga asoslanib o‘rgatilgan.
Modellarni qo‘shimcha o‘qitish natijasida aniqlik darajasi sezilarli darajada oshdi. Masalan, gistopatologiyada to‘qimalarni tasniflashda F1-o‘lchov ko‘rsatkichi 32,8 dan 94,5 gacha ko‘tarildi.
May oyida Google yangi sun’iy intellekt tibbiy tizimini taqdim etgandi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, u tasvirlar asosida tashxis qo‘yish aniqligi bo‘yicha tajribali shifokorlarni ortda qoldira oladi.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistonida dunyodagi birinchi shifokorlarsiz klinika ochilgani haqida yozgandi.
Bemorlarni Hua ismli intellekt shifokori qabul qiladi, planshet orqali shikoyatlarni to‘playdi, tibbiy ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi va davolash rejasini beradi.