Noqonuniy tartibda Umra tadbirlarini reklama qilgan Telegramdagi uchta kanalga chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi OAV va internet tarmoqlarida turoperatorlar tomonidan joylashtirilayotgan Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalarning qonuniyligini o‘rgandi.
Natijada Farg‘ona shahrida yashovchi Abubakirsiddiq Rahmatullayevga tegishli (Umra Safari 2025), Marg‘ilonda yashovchi Muhammadyusuf Odiljonovga tegishli (Saudiyaga Sayohat Muhammadyusuf) hamda Yozyovon tumanida yashovchi Abdulvohid Rahimovga tegishli (Makka Madina Sayohat) Telegram-kanallarida litsenziyasiz reklamalar joylashtirilgani aniqlandi.
Kanal boshqaruvchilariga nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan ishlar qo‘zg‘atildi. Tegishli hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborildi.
Shu bilan birga, litsenziyaga ega bo‘lmasdan reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida IIV, Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilindi. Bu o‘rganish yakunlari yuzasidan tegishli tartibda choralar ko‘riladi.
May oyida litsenziyasiz Umra tadbirlarini tashkil etgan 4 ta turoperator jarimaga tortilgani ma’lum qilingandi. Noqonuniy reklama joylashtirgan 11 ta Telegram-kanal ma’murlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Joriy yilda yana 2 ta kompaniyaga Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya berildi. Natijada Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Ularning ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi eksklyuziv huquqqa ega 29 ta kompaniyani ustun mavqega ega deb topgani haqida xabar berilgandi.