O‘zbekiston va Vengriya atom energetikasi uchun sovutish texnikasini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Rossiya va Vengriya delegatsiyalari bilan muzokaralarda mavzuga to‘xtalib o‘tildi, deya xabar bermoqda O‘zatom agentligi.

Unda Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi, MVM EGI va Pólus kompaniyalari, OTP Bank Uzbekistan, Rossiyaning Atomstroyeksport hamda Atomenergoloyiha kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.

Asosiy mavzulardan biri atom elektr stansiyalari uchun quruq gradirnyalarni yetkazib berish va ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik masalasi bo‘ldi.

Ularni O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun erkin iqtisodiy zona negizida qo‘shma korxona tashkil etish taklif etilmoqda.

Ushbu qadam AES loyihasini amalga oshirishda mahalliy ishtirokchilar ulushini oshirish imkonini beradi, deb kutilmoqda. Bundan tashqari, O‘zatom mazkur loyihani ro‘yobga chiqarish orqali mintaqada atom energetikasi sohasini yanada rivojlantirish uchun poydevor yaratishni maqsad qilmoqda.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. MVM EGI mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim dasturlari va amaliyotlarini tashkil etish, shuningdek, ta’lim olish uchun shart-sharoitlar yaratishda ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Atom energetikasi loyihalari uchun sovutish texnologiyalari mavzusi 2022-yil may oyida Vengriya bilan muhokama qilingan. O‘shanda Jizzax viloyatida loyihalashtirilayotgan AES uchun sovutish tizimlarini yetkazib berish 300−400 mln yevroga baholangan edi.

Joriy yilning may oyida O‘zatom va MVM EGI o‘rtasida energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan edi. Hujjat texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish, joriy etish va mahalliylashtirish, shuningdek, infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi. Boshqa narsalar qatorida, Vengriya kompaniyasi O‘zbekistonga AES uchun quruq sovutish tizimlarini yetkazib berishni va’da qildi.

O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayevning ma’lum qilishicha, agentlik Vengriya kompaniyalari bilan energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Quruq gradirnyalarning qurilishi reaktorni sovutish uchun suv resurslaridan foydalanishni kamaytiradi, dedi u.

Shuningdek, Ahmedxo‘jayev Vengriya tomonining gradirnyalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi haqida gapirdi. Uni 2026-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvda kooperatsiya va texnologiyalar transferini kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilishini ma’lum qilgandi. Uni Vengriyaning Inpark kompaniyasi boshqaradi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Rossiyada tadqiqot reaktorini yaratish bo‘yicha konsorsiumga qo‘shilishi haqida yozgandi.