Rossiya Davlat dumasiga mehnat migrantlariga qo‘shimcha tibbiy talablar to‘g‘risidagi loyiha kiritiladi, deya xabar berdi Duma mehnat qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov o‘zining telegram-kanalida.
Xususan, amaldagi tibbiy sug‘urtadan tashqari, organizmda giyohvand va psixotrop moddalar yo‘qligini tasdiqlovchi test natijalarini ham taqdim etish talab qilinadi.
“Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan chet elliklar o‘z muammolarini olib kelmasdan, aksincha bizning muammolarimizni hal qilishlari kerak”, — deydi deputat.
Shuningdek, Rossiyaga kelayotgan xorijliklar o‘zlari bilan OIV, gepatit B, S, sil va zaxm kasalliklari yo‘qligi to‘g‘risida dolzarb ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak.
“Agar sanab o‘tilgan zaruriy narsalardan birortasi bo‘lmasa, chegaradanoq qaytarib yuboriladi”, deya xulosa qildi Nilov.
Iyul oyida Rossiyada migrantlar uchun davlat bojini joriy qiluvchi qonun loyihasi ma’qullangani haqida xabar berilgandi.
Bunda bojlar chet el fuqarolarini vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun qo‘llaniladi.
Moliya vazirligi migrantlar uchun bir qator yangi bojlar va yig‘imlarni joriy etishni hamda mavjudlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi. Izvestiya nashrining yozishicha, hujjat tegishli idoralar tomonidan allaqachon ma’qullangan.
Xususan, chet elliklar turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilish uchun 500 rubl to‘lashlari kerak bo‘ladi. Vaqtinchalik yashash muddatini uzaytirish 1000 rubl, ish ruxsatnomasini olish esa 4200 rubl turadi.
Bundan tashqari, vizasiz rejim mavjud mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlariga ishlash uchun patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish uchun 4200 rubl miqdorida yig‘im joriy etish taklif etilmoqda. Hujjat nusxasi yoki unga o‘zgartirish kiritish uchun esa 2100 rubl to‘lash lozim bo‘ladi.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi chet ellik fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini ikki baravardan ortiqroq — 1000 rublgacha ko‘tarishni taklif etmoqda. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yangi tartib Rossiya davlat budjetiga qo‘shimcha 17 mlrd rubl daromad keltirishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot uch oydan ortiq xorijda bo‘lib qaytganlar majburiy OIV tekshiruvidan o‘tkazilishi haqida yozgandi.
Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodbek Mahmudov buning uchun chet eldan qaytgan fuqarolarni elektron tarzda nazorat qilish va ularni tibbiy ko‘rikka yo‘naltirish tizimi joriy etilishini ma’lum qildi.