Suhrob Abdullayev 2002-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maktabdan so‘ng Buxoro viloyatidagi Qorako‘l akademik litseyida tahsil olgan. 2024-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavr darajasini tamomlagan.

U o‘tgan yilning kuzida Janubiy Koreyaning KOICA grantini qo‘lga kiritib, hozirda Kukmin universitetining (Kookmin University) IT-Biznes yo‘nalishida magistratura darajasida o‘qimoqda.

Spot Suhrob Abdullayev bilan Nima uchun Koreyani tanlagani, grant yutish sirlari va talabalik hayoti haqida suhbatlashdi.


ITga qiziqish

Yoshim 23 da. Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Qarliq qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishloq hayoti oddiy, ammo o‘zbekona, mehmondo‘stlik va mehr-muhabbatga to‘la. Bolaligimdan matematika va aniq fanlarga mehr bog‘laganman. Maktabda o‘qiyotganimda ustozlarimning yordami bilan viloyat va respublika miqyosidagi olimpiadalarda ishtirok etib, ko‘plab yutuqlarga erishdim. Bu o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirib, katta maqsadlarni ko‘zlashimga turtki berdi.

O‘rta maktabdan so‘ng Qorako‘l akademik litseyida o‘qidim. O‘qish davrida IT-sohasiga bo‘lgan qiziqishim yanada kuchaydi. Kompyuterlar, dasturlash va texnologiyalar dunyosi meni o‘ziga tortdi.

Shu sababli, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga davlat granti asosida qabul qilindim. Universitetda tahsil olayotganimda faqat o‘qish bilan cheklanib qolmadim. Mahalliy va xalqaro IT-kompaniyalarida amaliyot o‘tadim, loyihalarda ishtirok etib, o‘z sohamda ilk tajribalarimni to‘pladim.

KOICA granti

Magistratura bosqichini xorijda o‘qish orzusiga erishish uchun turli grant dasturlarini o‘rganishni boshladim. Korea International Cooperation Agency (KOICA) grant dasturi haqida universitetimizning xalqaro hamkorlik bo‘limidan eshitganman.

Foto: Suhrob Abdullayevning shaxsiy arxividan

Dastur nafaqat IT-sohasida Janubiy Koreya kabi dunyoda yetakchi mamlakatda tahsil olish imkonini berishi, balki to‘liq moliyalashtirilishi bilan meni qiziqtirgan. Ariza topshirish jarayonida ko‘p ter to‘kdim, lekin natija o‘z mevasini berdi — 17 oylik grantni qo‘lga kiritdim.

Hozirda Seuldagi nufuzli Kookmin universitetida Business IT yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil olmoqdaman. o‘qishdan tashqari, professorlarimiz rahbarligida ilmiy loyihalarda ishtirok etaman. Onlayn dasturchi sifatida frilans loyihalarda ishlayman va o‘z jamoamiz bilan kichik bir startup loyihasini rivojlantirmoqdaman. Bu loyiha mening kelajakdagi katta maqsadlarimning birinchi qadamlaridan biridir.

Nega aynan Koreya?

Koreyani tanlashimga bir nechta sabab bor. Birinchidan, Janubiy Koreya — IT va texnologiyalar sohasida dunyoning eng ilg‘or mamlakatlaridan biri. Samsung, LG, Hyundai kabi gigant kompaniyalar, shuningdek, K-Pop va K-Drama orqali global madaniyatga ta’sir ko‘rsatayotgan bu mamlakat meni doim hayratda qoldirardi.

Ikkinchidan, Koreya ta’lim tizimi amaliy bilimlarga asoslangan va talabalarga global bozorda raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi. Talabalik yillarimda turli grant dasturlarini o‘rgandim. Masalan, Stipendium Hungaricum kabi qisman moliyalashtiriladigan dasturlarni yutganman, lekin Koreya men uchun eng muhim yo‘nalish bo‘ldi. Bu yerda ta’lim sifati, zamonaviy infratuzilma va talabalarga beriladigan imkoniyatlar yuqori darajada.

Bundan tashqari, Koreya kompaniyalari global IT-bozorida yetakchi hisoblanadi, bu esa bo‘lajak karyeram uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Nihoyat, Koreya madaniyati — intizom, mehnatkashlik va innovatsiyalarga bo‘lgan muhabbat — mening shaxsiy qadriyatlarimga juda mos edi.

Grant nimalarni beradi?

KOICA granti — talabalar uchun haqiqiy imkoniyatlar eshigini ochuvchi dastur. Grant magistratura darajasida tahsil olish uchun o‘qish xarajatlarni 100% qoplaydi, bu esa talabalarga moliyaviy tashvishlarsiz o‘qish imkonini beradi.

Magistrantlarga oyiga taxminan 600 ming Koreya voni ($450−500 atrofida) stipendiya ajratiladi. Bu esa yashash xarajatlarini qoplashga yordam beradi.

Grant g‘oliblariga Koreyaga borish va qaytish aviachipta, to‘liq sug‘urta polisi, shu jumladan, tibbiy ko‘rik va davolanish xarajatlari qoplab berilib, universitet yotoqxonasidan bepul joy ajratiladi.

Shu bilan birga, o‘quv materiallari, jumladan, kitoblar, dasturiy ta’minotlar va boshqa o‘quv resurslari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Hujjat topshirish jarayoni

KOICA grantiga hujjat topshirish jarayoni aniq va tizimli tashkil etiladi, lekin mas’uliyat va e’tibor talab qiladi. Birinchi bosqichda onlayn ariza topshiriladi.

Buning uchun KOICAning rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tib, quyidagi ma’lumotlarni kiritish kerak:

  • shaxsiy, ta’lim va tajriba haqidagi ma’lumotlar;
  • bakalavr diplomi va baholar transkripti;
  • IELTS (6.0 va undan yuqori) yoki TOEFL sertifikati;
  • 2−3 ta tavsiyanoma (odatda professorlar yoki ish beruvchilardan olinadi);
  • motivatsion xat;
  • o‘qish rejasi;
  • suhbat (saralashdan o‘tgan nomzodlar Zoom yoki onsite suhbatga taklif qilinadi).

Motivatsion xatda nima uchun grantni qo‘lga kiritishni xohlayotganingiz, kelajakdagi rejalaringiz va Koreyada o‘qishning siz uchun ahamiyatini ochib berishingiz kerak. O‘qish rejasida esa tanlagan yo‘nalishingizda qanday maqsadlarga erishmoqchi ekanligingizni tushuntirib berasiz.

Hujjatlar to‘g‘ri va sifatli tayyorlanishi kerak. Suhbatda o‘zingizni aniq ifoda qilishingiz muhim. Raqobat yuqori, chunki dunyoning turli mamlakatlaridan nomzodlar ishtirok etadi. Ammo KOICA shaxsiy motivatsiya, professional tajriba va kelajakdagi maqsadlarga katta e’tibor beradi. Agar siz o‘z sohangizda tajriba va aniq rejalaringizni ko‘rsata olsangiz, g‘olib bo‘lish ehtimolingiz ham yuqori bo‘ladi.

Til sertifikati (IELTS 6.0, TOEFL yoki TOPIK) dastlabki saralashda muhim rol o‘ynaydi, chunki Koreyada darslar asosan koreys va ingliz tilida olib boriladi. Ammo grant yutishda faqat til bilish yetarli emas. Quyidagi jihatlar ustunlikka ega:

  • Professional tajriba: IT-loyihalari, stajirovkalar yoki frilanserlik ishlari katta yordam beradi.
  • Volontyorlik va jamoat ishlari: Ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish sizning liderlik qobiliyatingizni ko‘rsatadi.
  • Aniq maqsadlar: Motivatsion xatda Koreyada o‘qish orqali qanday global muammolarni hal qilmoqchi ekanligingizni namoyon eta olishingiz kerak.
  • Suhbatdagi ta’sir: o‘zingizning ishtiyoqingiz, intilishlaringiz va rejalaringizni samimiy va ishonchli yetkazishingiz lozim.

Ta’lim tizimi

Kookmin universitetidagi ta’lim tizimi zamonaviy va amaliyotga yo‘naltirilgan. Darslar nafaqat nazariy bilim beradi, balki talabalarni real dunyo muammolarini hal qilishga tayyorlaydi.

Masalan, biz Business IT yo‘nalishida haqiqiy kompaniyalar bilan hamkorlikda loyihalar bajarib, ma’lumotlar tahlili, sun’iy intellekt va biznes strategiyalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar orttiramiz. Professorlar talabalarni mustaqil fikrlashga undaydi va guruh loyihalari orqali jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

Darslardan tashqari universitetning ilmiy markazlarida tadqiqotlarda ishtirok etish imkoniyati mavjud. Men hozirda sun’iy intellekt asosidagi biznes yechimlari bo‘yicha tadqiqot ishlarida yordam beraman, bu karyeram uchun katta tajriba.

Foto: Suhrob Abdullayevning shaxsiy arxividan

Koreyada ish va xarajatlar

Koreyada talabalar haftasiga 20 soatgacha ishlashlari mumkin. IT-sohasi talabalari uchun startaplar, texnologik kompaniyalar yoki onlayn platformalarda frilans sifatida ishlash imkoniyati mavjud. Universitetning karyera markazi ish topishda yordam beradi.

Eng ommabop yo‘nalishlar kafe va restoranlar, do‘konlar, yetkazib berish xizmati, IT frilans loyihalari hamda ingliz tili o‘qituvchisi lavozimlari hisoblanadi.

IT yoki xalqaro biznes sohasida tajribaga ega talabalar oyiga $1500−2000 daromad topishlari mumkin.

Oylik xarajatlar esa quyidagicha:

  • yotoqxona — $300-$500;
  • ovqatlanish — $200-$300
  • transport — $50-$70;
  • boshqa xarajatlar — $100-$200.

Jami: $800−1200 atrofida.

Viza olish jarayonlari va Koreyada hayot

KOICA granti doirasida viza olish jarayoni juda soddalashtirilgan. Grant g‘oliblari uchun D-2 toifasidagi (talabalik) viza ajratiladi. Hujjatlar topshirilgach, KOICA vakillari barcha bosqichlarda yordam ko‘rsatadi. Odatda, viza 2−3 hafta ichida tayyor bo‘ladi.

Koreyada yashash va tahsil olish tajribam menga ko‘plab jihatlar bilan yoqdi. Avvalo, bu yerda ta’lim sifati juda yuqori: dunyo darajasidagi universitetlarda amaliy bilimga asoslangan darslar o‘tiladi, talabalar esa real loyihalarda ishtirok etish orqali chuqur tajriba orttiradilar.

Shuningdek, Koreyaning zamonaviy infratuzilmasi — qulay va aniq ishlaydigan jamoat transporti, yuqori xavfsizlik darajasi, toza va tartibli muhit — bu yurtni begona emas, o‘z uyingdek his qilishga yordam beradi.

Madaniy jihatdan ham Koreya juda boy va betakror. An’anaviylik va zamonaviylik bir-birini to‘ldirib turadi: Hanbok milliy liboslari, Seollal va Chuseok kabi bayramlar, K-Pop va K-dramalarning ommaviyligi — bularning barchasi hayotni rang-barang qiladi. Koreys oshxonasi esa bibimbap, kimchi, tteokbokki kabi taomlar orqali madaniyatni nafaqat ko‘rib, balki totib ko‘rish imkonini beradi.

Eng muhim jihatlardan biri — bu yerda ochiladigan imkoniyatlar. Global kompaniyalarda amaliy tajriba orttirish, xalqaro loyihalarda qatnashish va kelajakdagi karyera poydevorini qurish uchun Koreya katta maydon yaratadi. Harakatlarim samara berayotganini asta-sekin his qila boshladim — bu esa oldinga dadil intilishim uchun kuch beradi.

Biroq Koreyada hammasi faqat qulayliklardan iborat emas. Ish va ta’lim sohalaridagi yuqori talablar, kuchli raqobat muhiti ba’zida bosim va stress keltiradi. Iqlim sharoiti ham har doim mos kelavermaydi: qishlari keskin sovuq, yoz esa issiq va nam. Dastlabki davrlarda til to‘siqlari kundalik hayotda qiyinchilik tug‘dirdi — koreys tilini yetarli darajada bilmasangiz, eng oddiy muloqot ham murakkablashadi.

Shunga qaramay, men bu sinovlarga salbiy emas, rivojlanish uchun imkoniyat sifatida qaradim. Har bir qiyinchilik — saboq, har bir moslashuv esa o‘sish demakdir. Koreya menga faqat ta’lim emas, balki mustaqil fikrlash, qat’iyat, irodali bo‘lish va global dunyoga keng nigoh bilan qarashni o‘rgatdi.

Foto: Suhrob Abdullayevning shaxsiy arxividan

Koreyaga keluvchilar uchun tavsiyalar

Koreyada o‘qishni orzu qilayotgan yoshlarga quyidagi maslahatlarni beraman:

  1. Tilni o‘rganing: ingliz (IELTS/TOEFL) yoki koreys tili (TOPIK) sertifikatini oling. Koreys tilini bilish mahalliy hayotda katta yordam beradi.
  2. Grantlarni o‘rganing: KOICA, GKS, universitet grantlari kabi dasturlarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqing.
  3. Motivatsion xatga e’tibor: o‘zingizning hikoyangizni samimiy va aniq yozing. Nega Koreya, nima uchun bu soha — ochib bering.
  4. Tajriba to‘plang: stajirovkalar, loyihalar yoki volontyorlik sizni boshqalardan ajratib turadi.
  5. Madaniyatga tayyorlaning: Koreya madaniyatini o‘rganing, intizom va hurmatga moslashishga tayyor bo‘ling.
  6. O‘zingizga ishoning: qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin, lekin har bir qadam sizni orzuyingizga yaqinlashtiradi.

Kelajakdagi rejalar

Kookmin universitetidagi tahsilim hayotimdagi eng muhim bosqichlardan biriga aylandi. Bu yerda zamonaviy bilim olish bilan birga, o‘zimni har tomonlama rivojlantirish imkoniyatini topdim. Hozirgi asosiy maqsadim — magistratura bosqichini yuqori natijalar bilan yakunlab, ilmiy izlanishlarimni chuqurlashtirish.

Universitetda professorlar rahbarligida sun’iy intellekt asosidagi biznes yechimlar bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarda faol qatnashyapman. Bu loyiha menga nafaqat chuqur texnik tajriba, balki muammolarga real yechim topish ko‘nikmasini ham berdi. O‘quv muhiti xalqaro miqyosda fikrlash, jamoada ishlash va liderlik salohiyatimni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, kichik startap ustida ishlayapmiz. Bu orqali o‘z biznesimni qurish, innovatsion fikrlarni amaliyotga tatbiq etish tajribasini orttirmoqdaman. Maqsadim — startapni avval Koreyada, keyin esa xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli rivojlantirish.

Frilans loyihalar orqali dasturlash, tizim tahlili va interfeys dizayni yo‘nalishlarida amaliy tajribamni boyitmoqdaman. Bu bilimlar kelajakda o‘z IT kompaniyamni yo‘lga qo‘yishim uchun asos bo‘ladi. Koreyada orttirgan tajribani O‘zbekistonda, ayniqsa mintaqalarda teng imkoniyatlar yaratish yo‘lida qo‘llashni istayman.

Shu maqsadda onlayn ta’lim platformasi yaratishni rejalashtiryapman. Platformada IT va biznes bo‘yicha darslar o‘zbek tilida taqdim etiladi — bu orqali chekka hududlardagi yoshlar uchun yangi eshiklar ochiladi. Sun’iy intellektga asoslangan xizmatlarni O‘zbekistonda ham rivojlantirish — asosiy niyatim.

KOICA granti menga xalqaro ta’lim va tajriba orttirish imkonini berdi. Endi shu imkoniyatlar haqida boshqalarga ham yetkazish, grantlar va xorijdagi o‘qish bo‘yicha ma’lumot beruvchi platforma ochish rejam bor. Shuningdek, Koreyadagi o‘zbek talabalarini birlashtiruvchi jamoa tuzib, tajriba almashish, mentorlik va hamkorlikni rivojlantirishni xohlayman.