15-iyuldan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun onlayn ariza yuborish boshlandi. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.

2025/2026-o‘quv yili uchun respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalar quyidagi elektron tizimlar orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi:

  • 2 ta uzrli sababga ko‘ra mamlakatning bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga yoki bir oliy ta’lim muassasasi doirasida — transfer.edu.uz sayti orqali;
  • xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga — my.uzbmb.uz sayti orqali.

O‘qishni ko‘chirish uchun arizalar 5-avgustga (shu kuni ham) qadar qabul qilinadi.

O‘tgan yili o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 43 mingdan ortiq talabgorga imtihonga ruxsat etildi. Shundan 76%i mamlakatdagi nodavlat OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat olgan.


Avvalroq Spot ikkinchi mutaxassislik uchun hujjat topshirish boshlangani haqida yozgandi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Arizalarni 10-avgustgacha onlayn jo‘natish mumkin.