AQSh Oliy sudi Tramp ma’muriyatining Ta’lim vazirligini tugatish borasidagi harakatlariga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu haqda ABC News nashri xabar berdi.
Sudning mazkur qarori Tramp ma’muriyatiga Ta’lim vazirligidagi ommaviy ishdan bo‘shatishlarni davom ettirish imkonini beradi.
Mart oyida Tramp AQSh Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu uning saylovoldi va’dalaridan biri edi. “Biz uni iloji boricha tezroq yopishni rejalashtirmoqdamiz. U bizga hech qanday naf keltirmayapti”, — degan AQSh prezidenti.
Farmondan keyin oyida agentlik xodimlarining deyarli yarmi qisqartirildi, shuningdek, federal talabalar kreditlari portfeli rahbariyatini almashtirish kabi boshqa choralar ko‘rildi.
Bungacha Massachusets federal sudyasi ma’muriyatning bu qadamlar prezident Donald Trampning 2024-yilda agentlikni yopish bo‘yicha saylovoldi va’dasini samarali bajarish uchun emas, balki samaradorlikni oshirish uchun qilinganligi haqidagi dalilini rad etib, ma’muriyatga oldinga siljishni taqiqladi.
Quyi instansiya sudlarida Trampning ta’lim to‘g‘risidagi farmonlariga qarshi sud jarayonlari davom etmoqda.
Ta’lim vaziri Linda Makmaxon ushbu qarorni ma’qullab, vazirlik xodimlar sonini qisqartirishi va ta’limni shtatlarga qaytarish bo‘yicha ishlarni davom ettirishi haqida bayonot berdi.
“Bugun Oliy sud yana bir bor shubhasiz haqiqatni: AQSh prezidenti ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i sifatida federal agentliklarning xodimlar soni, ma’muriy tuzilishi va kundalik faoliyatiga oid qarorlar qabul qilishda oliy vakolatlarga ega ekanligini tasdiqladi”, — deb ta’kidladi Makmexon.
Makmexon bu qarorni g‘alaba deb atagan bo‘lsa-da, amerikaliklar tomonidan saylangan prezidentga AQSh Konstitutsiyasida berilgan vakolatlardan foydalanib, o‘zi va’da qilgan islohotlarni amalga oshirishiga ruxsat berish uchun mamlakatning Oliy sudi aralashishga majbur bo‘lgani sharmandalidir dedi.
Ota-onalar milliy ittifoqi raisi Keri Rodriges o‘z bayonotida Oliy sud qarorini qattiq tanqid qildi.
“Oliy sud siyosatni Konstitutsiyadan ustun qo‘ydi va shu bilan millionlab amerikalik talabalarni xavf ostiga qo‘ydi,” dedi Rodriges.
Uning qayd etishicha, bu qaror Kongress tomonidan hech qanday chora ko‘rilmasdan AQSh Ta’lim vazirligini tugatishga urinayotgan prezident Trampning hokimiyatni qonunga xilof ravishda egallab olishiga yo‘l ochib beradi.
Avvalroq Spot Donald Tramp ma’muriyati AQShda o‘qishni rejalashtirayotgan xorijlik talabalar uchun yangi viza intervyularini tayinlashni to‘xtatgani haqida yozgandi.