AQSh savdo urushi boshlanganidan to‘rt oy o‘tgach, bojxona to‘lovlaridan qariyb $50 mlrd qo‘shimcha daromad olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib, Financial Times xabar berdi.

2025-yil aprel-iyun oylarida bojxona daromadlari rekord darajadagi $64 mlrdga yetdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan $47 mlrdga ko‘pdir.

Bahorda Donald Tramp global tarifni kamida 10%ga ko‘tardi, ayrim toifadagi tovarlar — masalan, avtomobillar va metallar uchun esa bojxona to‘lovlari 25−50%gacha oshirildi.

Rasman, tariflar “ko‘zgu mantig‘i” tamoyili asosida amal qilmoqda: AQSh Oq uyi fikriga ko‘ra, xorijda Amerika tovarlariga qanday cheklovlar qo‘llanilayotgan bo‘lsa, xuddi shunday cheklovlarni joriy etmoqda.

Muzokaralar uchun vaqt berish maqsadida ko‘plab davlatlar uchun bojxona to‘lovlari vaqtincha to‘xtatildi. Biroq AQSh allaqachon ogohlantirganki, avgust oyidan boshlab kelishuvga erishilmagan mamlakatlar uchun bojxona to‘lovlari to‘liq hajmda qayta joriy etiladi.

AQShning savdo hamkorlari, kichik istisnolardan tashqari, Tramp tariflariga simmetrik javob berishdan bosh tortdilar va bu 2025-yilning ikkinchi choragida mamlakat byudjetini qariyb $50 mlrdga to‘ldirdi. Bu raqam o‘tgan yilning ikkinchi choragi ($17 mlrd) va joriy yil ($64 mlrd) uchun bojxona to‘lovlari o‘rtasidagi farqdir.

Barcha yirik iqtisodiy davlatlar orasidan faqat Xitoy va Kanada javob tariflarini joriy etdi. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va boshqa mamlakatlar esa mojaroning kuchayishidan va o‘z iqtisodiyotlariga zarar yetkazilishidan xavotirlanib, kutish pozitsiyasini egalladi.

Capital Economics ma’lumotlariga ko‘ra, tariflari 24%gacha bo‘lgan o‘zaro savdo urushi ikki yil ichida jahon yalpi ichki mahsulotini 1,3%ga qisqartirishi mumkin. Aynan shu sababli, hatto eng yirik iqtisodiyotlar ham mamlakat ichidagi siyosiy bosimlarga qaramasdan, javob berishga shoshilmayapti.

Xalqaro brendlar bojxona to‘lovlari ta’sirini yumshatishga intilmoqda: Apple, Mercedes va boshqa kompaniyalar dunyodagi eng yirik iste’mol bozori hisoblangan AQShdagi ulushini yo‘qotmaslik uchun xarajatlarni turli bozorlar o‘rtasida qayta taqsimlamoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, amerikalik xaridorlar narxlarning 5%ga oshishiga bardosh bera oladi, ammo 30−40%ga emas. Shu bois, kompaniyalar boshqa bozorlardagi foydasini qurbon qilishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, Tramp bosimni kuchaytirmoqda: u allaqachon Braziliyaga 50%, Myanma, Laos, Tailand va boshqa mamlakatlarga 40% yangi bojlar bilan tahdid qilgan. U, shuningdek, agar BRIKS mamlakatlari “antiamerikacha siyosat"ni davom ettirsa, ularga tovarlarga qo‘shimcha 10%lik tariflar joriy etish niyatida.

Bu orada bir qator davlatlar AQSH bilan savdo shartnomalari tuzishga ham ulgurdi. Buyuk Britaniya, Vetnam, Xitoy va Indoneziya bilan kelishuvlarga erishildi.


Avvalroq Spot AQSh TikTok’ni sotish bo‘yicha Xitoy bilan muzokaralarni qayta boshlashi haqida yozgandi.