Coca-Cola kompaniyasi Amerika bozori uchun ishlab chiqariladigan ichimliklarda yuqori fruktozali makkajo‘xori siropini tabiiy qamish shakariga almashtirishga rozi bo‘ldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Tramp korporatsiya top-menejerlari bilan shaxsan muzokaralar olib borganini ta’kidlab, qabul qilingan qaror uchun ularga minnatdorchilik bildirdi.
Ushbu tashabbus Tramp ma’muriyatining sog‘liqni saqlash vaziri Robert Frensis Kennedi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Make America Again (“Amerikani yana sog‘lom qilamiz”) dasturi bilan bog‘liq.
Loyiha mahsulotlar tarkibidagi zararli ingrediyentlar ulushini kamaytirish va tabiiy komponentlardan foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Coca-Cola allaqachon bir qator mamlakatlarda qamish shakaridan foydalanadi, Amerika bozorida esa an’anaviy ravishda makkajo‘xori siropi ishlatiladi.
AQSh prezidenti parhez kola ichishni yaxshi ko‘rishini yashirmaydi. Mart oyida u jurnalistlarga Oval kabinetidagi ish stolida ichimlikka buyurtma berish uchun maxsus tugma o‘rnatilganini aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyning ba’zi mehmonlari bu tugma yadro qurolini ishga tushirish uchun mo‘ljallangan deb noto‘g‘ri o‘ylamoqda.
Avvalroq Spot AQSh budjeti Trampning savdo urushidan $50 mlrd ishlab olgani haqida yozgandi.
2025-yilning ikkinchi choragida AQSh bojxona to‘lovlaridan rekord darajadagi $64 mlrd miqdorida daromad oldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan $47 mlrdga ko‘proqdir.