Joriy yilning birinchi yarmida aholining chet el valyutasini sotish va xarid qilish o‘rtasidagi ijobiy tafovut $3,7 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhida keltirilgan.
Yanvar-iyun oylarida banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 2024-yilning mos davriga nisbatan 24%ga yoki $2,8 mlrdga ko‘payib, $14,5 mlrdni tashkil etdi.
Mazkur davrda aholi banklarga $9,1 mlrd (+27%) miqdorida chet el valyutasini sotgan. O‘z navbatida, fuqarolar tomonidan xarid qilingan xorijiy valyuta hajmi $5,4 mlrd (+18) ga yetdi.
Natijada, banklar tomonidan aholidan sotib olingan chet el valyutasi hajmi ularga sotilgan valyuta hajmiga nisbatan $3,7 mlrdga ko‘p bo‘ldi. Markaziy bank bu ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining 58%i yoki $8,4 mlrdi (o‘sish 16%) valyuta ayirboshlash shoxobchalari, 41%i ($5,9 mlrd, +36%) onlayn va qolgan $252 mlni (+32%) 24/7 rejimda faoliyat ko‘rsatuvchi bankomatlar orqali amalga oshirilgan.
2024-yilda aholining chet el valyutasini sotish va xarid qilish o‘rtasidagi ijobiy tafovut $6,7 mlrddan oshgandi. Bu davrda aholi banklarga $16,1 mlrd (+31%) miqdorida chet el valyutasini sotgan, shu bilan birga, ular tomonidan xarid qilingan chet el valyutasining hajmi $9,4 mlrd (+3) ga yetdi.
Avvalroq yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 32%ga oshib, $8,2 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi. Transchegaraviy o‘tkazmalarning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, AQSh, Buyuk Britaniya hamda Yevropa mamlakatlaridan jo‘natmalar hajmi oshgan.