Poytaxt bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov ma’lum qildi.

“[Toshkent] shahrining bosh rejasiga tuzatishlar kiritilmoqda. Xudo xohlasa, yaqinda [o‘zgartirishlar] e’lon qilinib qoladi”, — dedi Murod Nazarov.

2024-yil oxirida Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlanib, unda poytaxt hududi uchta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi. Joriy yilning iyun oyida Toshkent hokimligi prezidentga binolarning ruxsat etilgan balandligi bo‘yicha talablarga zid bo‘lgan ayrim qurilish loyihalarini taqdim etgandi.

Yaqinda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov Spot bilan suhbatda Toshkent bosh rejasiga binolarning qavatlari soniga oid o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.

“Hozirda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Chunki unda ayrim hududlar uchun belgilangan [eskirgan me’yorlar] mavjud. Masalan, faqat besh qavatli bino qurilishi nazarda tutilgan joylarda 16 va undan baland bino-inshootlarni qurish imkoniyati bor”, — dedi Halilov.

Qurilish vazirligi vakilining tushuntirishicha, bosh rejada binolarning ruxsat etilgan qavatlar soni muayyan hududning zilzilaga chidamliligini hisobga olgan holda belgilanadi. Loyihalarni amalga oshirishdan oldin ular ilmiy-tadqiqot institutlarida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi, qurilish uchun ruxsatnomalar esa tasdiqlangan bosh rejaga qat’iy muvofiq beriladi.

Avvalroq Spot Murod Nazarov O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga kiritilgan moratoriyni bekor qilishni taklif qilgani haqida yozgandi.