Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 27% ga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhida keltirilgan.

Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.

Mablag‘larning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — yanvar-iyun oylarida mamlakatdan $6,4 mlrd miqdorida o‘tkazmalar kelib tushgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.

Markaziy bankning qayd etishicha, birinchi yarim yillikda pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi hamda milliy valyuta kurslarining mustahkamlanishi ta’sir qilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etib, bu rivojlangan mamlakatlardan O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishida namoyon bo‘ldi.

Xususan, transfertlar hajmi Buyuk Britaniyadan 2 barobar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41% ga (Irlandiya 2,8 barobar, Litva 79%, Niderlandiya 44%, Polsha 20%) hamda AQShdan 15% ga oshdi.

Yanvar-iyun oylarida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning $4,3 mlrdi yoki 53%i an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari (2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish 22%), $3,6 mlrdi (44%i) aholi bank kartalariga P2P-o‘tkazmalari (o‘sish 40%) hamda $251 mlni (3%i) bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (-22%) amalga oshirilgan.

Bu davrda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yil darajasida saqlanib qoldi — $1,2 mlrd.

Avvalroq O‘zbekistonda Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 100 so‘m 17 tiyinga pasayib, 12 658,19 so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.