Telegramda yoshni yuz orqali tekshirish funksiyasi paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Kod Durova xabar berdi.
Messenjer test-serverida biometrik ma’lumotlarni to‘plash orqali identifikatsiyadan o‘tishni taklif qiluvchi mini-ilova topildi.
Unga ko‘ra, o‘zini rasmiy deb ataydigan bot yuz orqali identifikatsiya qilish imkonini beruvchi interfeysni taklif qiladi.
Shu bilan birga, bot hozirda hech qanday hujjat so‘ramayapti, deydi topilma haqida birinchi bo‘lib xabar bergan insayder.
“Ehtimol, kelajakda Telegram ayrim xizmatlar uchun yosh chegarasini joriy etishi mumkin. Fotosuratdan foydalanib tekshiruvdan o‘tib bo‘lmaydi, chunki tizim haqiqiy inson borligini tekshiradi”, — deyiladi xabarda.
Sinov serveridagi bot hozircha ommaviy foydalanuvchi nomisiz ko‘rsatilmoqda va uni hech qanday sozlamalar menyusi orqali chaqirish imkoni yo‘q.
Avvalroq Telegram platformasi videokontent ichida namoyish etiladigan yangi reklama formatini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.
Endilikda foydalanuvchi video tomosha qilayotgan paytda ekran quyi qismida qisqa matnli reklama paydo bo‘ladi.
Qayd etilishicha, banner matnida 160 ta belgigacha ruxsat etilgan bo‘lib, u tashqi havolalarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Bunday bannerlar har ikki daqiqada ko‘pi bilan bir marta namoyish etiladi va paydo bo‘lganidan so‘ng to‘qqiz soniya o‘tgach, ularni yopish imkoniyati mavjud.