O‘zbekistonda yozgi mavsumda yangi bozorlar uchun yumaloq pomidorlarni tijorat miqyosida yetishtirish jadal sur’atlar bilan “sovuq” issiqxonalar, netxauslarga va mamlakatning tog‘oldi hududlariga ko‘chmoqda.
Biroq, EastFruit mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu tendensiya qayta ishlash uchun mo‘ljallangan uzunchoq navli pomidorlar yetishtirishga ta’sir ko‘rsatmayapti.
Rijk Zwaan kompaniyasining O‘zbekistondagi yopiq maydonlar bo‘yicha vakili Asanali Jenbayevning fikricha, bunday transformatsiya ishlab chiqaruvchilarning iqlim stressining kuchayishi va ochiq maydondagi pomidorlarda kasalliklarning tarqalishiga javobidir.
“So‘nggi bir necha yil ichida mamlakatning tekislik qismida yozgi mavsumda yangi bozor uchun yumaloq pomidor ishlab chiqarish maydonlari sezilarli darajada qisqardi, agar tijorat hajmlari haqida gapiradigan bo‘lsak. Ishlab chiqarish himoyalangan yerga — „sovuq“ issiqxonalar va netxauslarga ko‘chirilmoqda. Bunday sharoitlar, birinchidan, soya, tabiiy yoki majburiy shamollatish orqali konstruksiya ichidagi haroratni pasaytirish, ikkinchidan, o‘simliklarni to‘siq bilan himoya qilish orqali kasallik va zararkunandalar bilan zararlanish xavfini kamaytirish imkonini beradi”, — deydi ekspert.
Asanali Jenbayevning aytishicha, yoz faslida anomal yuqori harorat holatlari tez-tez kuzatilayotgan sharoitda, tog‘ oldi hududlari va joylari issiqxonalarga ikkinchi muqobil variant bo‘lib qolmoqda.
Misol uchun, Toshkent viloyatidagi ochiq maydondagi yumaloq pomidorlarning tijorat plantatsiyalari yozgi iqlim sharoiti ancha mo‘tadil bo‘lgan tog‘ oldi Parkent tumanida joylashgan.
Hozirgi kunda bu tuman yoz oylarida poytaxtning “yangi” bozori uchun yumaloq pomidorlarning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
Bundan uch yil oldin iqlimshunoslar Markaziy Osiyoda g‘ayrioddiy issiq yoz hodisasi yangi me’yorga aylanib borayotgani va mintaqada o‘rtacha yillik havo harorati yildan-yilga ko‘tarilib borishi haqida ogohlantirgan edilar.
Global iqlim o‘zgarishining oqibatlari yoz faslining davomiyligi va issiq kunlar soniga ta’sir ko‘rsatmoqda, Markaziy Osiyo esa dunyodagi iqlim o‘zgarishiga eng ta’sirchan hududlardan biri hisoblanadi.
Bu yerda o‘rtacha yillik harorat butun dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham tezroq ko‘tarilmoqda, iqlim va atrof-muhit idrokiga ko‘ra mintaqa tobora Yaqin Sharq mamlakatlariga o‘xshab bormoqda.
Iqlim o‘zgarishi tahdidlariga javoban, O‘zbekiston pomidor yetishtiruvchilari yoz mavsumida yangi bozor uchun pomidor ishlab chiqarish va sifatini ta’minlashning asosiy yo‘llari sifatida yopiq (himoyalangan) tuproq va tog‘oldi texnologiyalarini tanlab, moslashmoqdalar.
O‘zbekistondagi tog‘oldi hududlarda/joylarda suv bilan ta’minlangan ekin maydonlari juda cheklanganligini va shu bilan birga, xuddi shunday iqlim sharoitlarini (masalan, kartoshka) tanlashda pomidor bilan “raqobatlashadigan” ekinlar mavjudligini hisobga olsak, yopiq yer texnologiyalari bunday muammolar oldida asosiy muqobil bo‘lib qolmoqda, deya xulosa qiladi EastFruit tahlilchilari.
Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda limon narxi deyarli 100 ming so‘mga yaqinlashgani haqida yozgandi.
10−11-iyul kunlarida poytaxt supermarketlarida mahalliy Meyer navli limonning chakana narxlari bir kilogramm uchun 97 ming so‘mga yetdi.